Paralimpiada: "Iroda va matonat oyligi" o‘tkaziladi
Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan joriy yil aprel oyi yangi umidlar va katta marralar sari intilish oyi sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mahallalarda istiqomat qilayotgan, o‘z kuch va irodasiga tayanib yuksak marralarni ko‘zlayotgan, orzu-niyatlar bilan umrguzaronlik qilayotgan shaxslar ishtirokida tashkil etiladigan "Besh tashabbus paralimpiadasi" sport musobaqalari va "Inson uchun" inklyuziv yugurish marafonlari ushbu oyning ahamiyatini yanada oshirishga qaratilgan.
Bu tadbirlar har bir ishtirokchiga o‘z irodasi, matonati va ichki kuch-qudratini sinab ko‘rish, shu bilan birga imkoniyatlarini yuksak cho‘qqilarga olib chiqish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

–Aytish lozim, joriy yilning fevral oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iroda va matonat timsoli bo‘lgan insonlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish lozimligi ta’kidlangan edi. Shu maqsadda, aprel oyini "Iroda va matonat oyligi" deb nomlash tashabbusi ilgari surildi va u keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Hikmat Toshmatov.
"Iroda va matonat oyligi" doirasida respublikamizning 208 ta tuman va shaharlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun "Besh tashabbus paralimpiadasi" ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
Bu musobaqalarda ishtirok etish uchun bugungacha 75 ming nafardan ortiq matonat sohiblari ro‘yxatdan o‘tgani qayd etildi.
"Iroda va matonat oyligi" doirasida respublikamizning 6 ta shahrida "Inson uchun" inklyuziv yugurish marafonlari tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, 4 aprel kuni Jizzax shahrida, 5 aprelda Gulistonda, 13 aprel Toshkent shahrida, 17-18 aprel kunlari Andijonda, 19-20 aprelda Namangan shahrida, 21-22 aprel kunlari Farg‘ona shahrida, 29-30 aprelda esa Shahrisabz shahrida o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, "Inson uchun" inklyuziv yugurish marafonida ro‘yxatdan o‘tish joriy yilning 5 apreliga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA