Para akademik eshkak eshish: sportchimiz Jahon chempionatida tarixiy natijaga erishdi
Germaniyada para akademik eshkak eshish bo‘yicha U-23 yosh toifasida o‘tkazilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi tarixiy natija qayd etdi.
Jahon chempionati doirasida PR3 M1X dasturida startga chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Akbarali Abduvaliyev saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Dunyoning eng kuchli para sportchilari bilan kechgan final bahsida hamyurtimiz 08:05.84 soniyada marra chizig‘ini kesib o‘tib, Fransiya va Germaniya vakilini ortda qoldirgan holda shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Ushbu yo‘nalishda oltin va kumush medallar Avstraliya va Italiya vakillariga nasib etdi.

Aytish lozimki, bugungacha matonatli sportchilarimizdan hech kim para akademik eshkak eshish bo‘yicha U-23 yosh toifasidagi Jahon chempionatlarida yuqori o‘rinlarni egallamagandi. Akbarali Abduvaliyevning U-23 Jahon chempionatida erishgan yuksak natijasi mamlakatimiz para sport turlari tarixidagi o‘ziga xos yuksak ko‘rsatkichdir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA