Palma yog‘i: sifat, xavfsizlik va innovatsiyalar
Palma yog‘i dunyoda eng ko‘p ishlatiladigan o‘simlik yog‘laridan biri bo‘lsada, uning xavfsizligi va inson salomatligiga ta’siri haqida turli bahslar hamon davom etmoqda.
Biroq mutaxassislar mahsulotning sifati, ishlab chiqarish texnologiyasi va to‘g‘ri qo‘llanilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. Ana shu dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilmiy asoslangan yondashuvlarni ommalashtirish va xalqaro tajriba almashish maqsadida Toshkentda “Food Safety & Innovation: Palm Oil Solutions for Central Asia” xalqaro anjumani o‘z ishini boshladi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi O‘simlik yog‘lari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (APVO) hamda Malayziya Palma yog‘i kengashi (MPOC) hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur tadbir Markaziy Osiyodagi eng yirik sohaviy xalqaro maydonlardan biriga aylandi. Ilk bor Toshkentda O‘zbekiston, Malayziya, Xitoy, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning yog‘-moy sohasi uyushmalari rahbarlari, davlat idoralari vakillari, diplomatik korpus, ilmiy jamoatchilik hamda yirik kompaniyalar mutaxassislari bir joyda jam bo‘ldi.
[gallery-30721]
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi O‘simlik yog‘lari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi, texnika fanlari doktori Oybek Zufarov ishtirokchilarni qutlab, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish va innovatsion yechimlarni joriy etishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Rafida Abd Aziz, shuningdek, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir Shukrullayev ishtirok etdi.
Anjuman doirasida oziq-ovqat xavfsizligi, palma yog‘idan samarali va xavfsiz foydalanish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, innovatsiyalar hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sohaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Qayd etilishicha, bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda palma yog‘i iste’mol qilinadi va dunyoda ishlab chiqariladigan o‘simlik yog‘larining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. Shokolad, non va qandolat mahsulotlari, sut mahsulotlari, chaqaloqlar ozuqasi hamda kosmetika vositalari tarkibida ham palma yog‘ini uchratish mumkin. Shu bilan birga, uning xavfsizligi va inson salomatligiga ta’siri haqida turli bahslar mavjud.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mahsulotning inson salomatligiga ta’siri birinchi navbatda uning sifati, qayta ishlash texnologiyasi, saqlash sharoiti va me’yoriy iste’mol qilinishiga bog‘liq. Shu bois bugun dunyoda palma yog‘ini xavfsiz ishlab chiqarish va undan oqilona foydalanish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun oziq-ovqat xavfsizligi faqatgina ishlab chiqaruvchilar emas, balki har bir iste’molchini qiziqtiradigan masalaga aylangan. Toshkentda o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro anjuman esa palma yog‘i haqidagi ilmiy yondashuvlar, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar yuzasidan ochiq muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu kabi uchrashuvlar nafaqat sohadagi hamkorlikni mustahkamlaydi, balki iste’molchilar dasturxoniga xavfsiz, sifatli va zamonaviy talablarga javob beradigan mahsulotlar yetib borishiga ham hissa qo‘shadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
Nosirjon Haydarov, O‘zA