“O‘ztransgaz” AJ: raqamli yechimlar iqtisodiy samaradorlikni oshirmoqda
Bugun “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotning 2025-yil hamda 2026-yil birinchi yarim yilligidagi iqtisodiy va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yakunlari, erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Unda “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Lola Sharipova, Iqtisodiy tahlil bo‘limi boshlig‘i Jahongir Abdullayev, Personalni boshqarish departamenti boshlig‘i Shuhrat Boboyev hamda boshqa mutasaddilar so‘zga chiqib, jamiyatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, jamiyatning asosiy maqsadi sof tushum barqarorligini ta’minlash, iqtisodiy samaradorlikni yanada oshirish va faoliyatni belgilangan strategik rejalar asosida izchil davom ettirishdan iborat. Shu bilan birga, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha rejalashtirilgan barcha asosiy ko‘rsatkichlarga erishish kutilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritgan “O‘ztransgaz” AJ Iqtisodiy tahlil bo‘limi boshlig‘i Jahongir Abdullayevning ta’kidlashicha, jamiyat magistral gaz quvurlari orqali tabiiy gazni yetkazib berish va tranzit xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z vazifalarini to‘liq bajarib kelmoqda. 2025-yilda iste’molchilar talabidan kelib chiqib, 38 milliard 3 million metr kub tabiiy gaz transportirovka qilingan.

– Bugungi kunda jamiyat tabiiy gaz savdosi bilan emas, balki uni transportirovka qilish va yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanadi. Asosiy iste’molchilar sifatida “Hududgazta’minot” va “O‘zgaztreyd” aksiyadorlik jamiyatlariga tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Shuningdek, magistral gaz quvurlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan boshqa iste’molchilarga ham yil davomida 50,3 million metr kub tabiiy gaz yetkazib berilgan.
Jamiyat faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan yana biri tranzit xizmatlarini ko‘rsatish hisoblanadi. 2025-yilda mamlakat hududi orqali 36 milliard 748 million metr kub tabiiy gaz tranziti amalga oshirilib, mazkur xizmatlar hajmi 621,8 million dollarni tashkil etdi. Ko‘rsatilgan xizmatlar natijasida 2025-yilda jamiyatning sof tushumi 14 trillion 187 milliard so‘mga yetdi.
Jamiyatda har yili biznes-reja ishlab chiqilib, ustuvor vazifalar belgilanadi. Xususan, xizmatlar tannarxini pasaytirish, xarajatlarni qisqartirish va daromadlarni barqaror saqlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davr va moliyaviy xarajatlarni belgilangan me’yorlarda ushlab turish hisobiga barcha prognoz ko‘rsatkichlari bajarildi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, jamiyatning sof foydasi 5 trillion 847 milliard so‘mni tashkil etib, biznes-rejada belgilangan ko‘rsatkichlardan yuqori natija qayd etildi. Bu, avvalo, xizmatlarga bo‘lgan talabning yuqoriligi va faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar bilan izohlanadi.
2026-yilda ham belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich bajarilmoqda. Birinchi chorak yakunlari ijobiy natijalarni ko‘rsatdi, birinchi yarim yillik hisobotlari ham yakunlanish arafasida. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, biznes-rejada belgilangan sof foyda ko‘rsatkichi 106 foiz, mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham 106 foizga bajarilgan. Shuningdek, import hajmini oshirish, byudjet oldidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish hamda qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha barcha prognoz ko‘rsatkichlariga erishilmoqda, – dedi J.Abdullayev.
Yig‘ilishda gaz quvurlaridagi texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu haqda Personalni boshqarish departamenti boshlig‘i Shuhrat Boboyev ma’lumot berdi.

– Bu borada Jahon bankining 10,4 million dollarlik granti jalb etildi. Loyiha doirasida xalqaro mutaxassislar ishtirokida magistral gaz quvurlari maxsus diagnostika uskunalari yordamida to‘liq tekshirildi. Gaz sizib chiqishi mumkin bo‘lgan nuqtalar aniqlanib, bartaraf etildi. Natijada texnologik yo‘qotishlar sezilarli darajada qisqardi. Amaldagi me’yorlarga ko‘ra, tabiiy gazni tashish jarayonida 1,5 foizgacha texnologik yo‘qotishga yo‘l qo‘yiladi. Biroq jamiyatda bu ko‘rsatkich 1 foizdan ham past bo‘lib, hozirda 0,7-0,8 foiz atrofida saqlanmoqda.
Jahon banki granti asosida ishlar hozir ham davom etmoqda. Yangi loyihalar ishga tushirilib, ularni amalga oshirish uchun mutaxassislar jalb etilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalari bosqichma-bosqich joriy etilyapti. IT infratuzilmasi autsorsing asosida “Uzinfocom” tomonidan yuritilmoqda. Pilot loyiha sifatida Ohangaron kompressor stansiyasida sun’iy intellekt tizimi ishga tushirilgan. Ilgari 35-40 ta texnik parametr kuzatilgan bo‘lsa, hozirda datchiklar va sun’iy intellekt asosida 60 ga yaqin ko‘rsatkich onlayn monitoring qilinmoqda. Tizim agregatlarning ish rejimi, bosimi, tebranishi, moy harorati va boshqa muhim parametrlarni uzluksiz tahlil qiladi.
Hozirda mazkur tizim Ohangaron kompressor stansiyasida sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelgusida to‘plangan ma’lumotlar asosida uni boshqa ishlab chiqarish ob’ektlarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan, – dedi Sh.Boboyev.
Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi a’zolarining taklif va mulohazalari eshitilib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Shuningdek, iqtisodiy samaradorlikni oshirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etish ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA