O‘ZSTANDART AGENTLIGI: Amaliyot, islohot va samara
O‘zstandart agentligi agentlikning Navoiy viloyati hududiy filiallari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va hamkorlikda olib borilayotgan ishlar yuzasidan media tur tashkil etdi.
Dastlab o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi. Navoiy viloyati shahar va tumanlaridagi mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib ilm-fan va innovatsiyalarni qamrab olgan hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga xizmat qiluvchi 22 ta sanoat korxonalari o‘rganilib chiqildi hamda oziq-ovqat, to‘qimachilik, qurilish, charm, kimyo sanoati sohalarida istiqbolli loyiha tashabbuskorlarini birlashtirgan 18 ta “sanoat klasteri” tashkil etish rejalashtirildi.
“Sanoat klasteri” korxonalariga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari uchun 214 ta, shundan 67 tasi xalqaro talablarga uyg‘unlashgan standartlar va 5 tasi texnik reglamentlar dalolatnoma asosida yetkazib berildi.“Sanoat klasteri” korxonalarida tegishli yo‘nalishlarda mutaxassislarni tayyorlash, ilm-fanga bog‘liq yangi innovatsion loyhalarni ishlab chiqish tadqiqot markazi platformasini tashkil etish bo‘yicha Navoiy davlat konchilik instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
– Mutaxassislarimiz tomonidan 2020 yilning 11 oyida viloyatning 205 ta korxonasida profilaktika ishlari amalga oshirildi, – deydi Agentlik departamenti viloyat filiali mas’ul xodimi Fazliddin Latipov. – O‘rganilgan korxonalardan 165 tasi ishlab chiqarish korxonalari bo‘lib, shundan 70 tasi hozirgi kunda eksport faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. 21 ta korxona mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan. 42 tasida mahsulotlar sifatini nazorat qilish bo‘yicha sinov laboratoriyalari tashkil etilgan, 75 tasida boshqa laboratoriyalar bilan shartnoma asosida sinovlar o‘tkazib borilmoqda. Profilaktika tadbirlari va o‘rganishlar natijasida korxonalar 1868 ta me’yoriy hujjatlar bilan bepul ta’minlandi va 182 tasining 1700 ta me’yoriy hujjatlari aktuallashtirib berildi.
Shuningdek, viloyatdagi qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazmasdan foydalanib kelinayotgan 47 ta korxonaning 350 dona o‘lchash vositalari qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazilishga, 14 ta korxonaga muvofiqlik sertifikati olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Agentlik tizimidagi “Uz-Test” DUK, “O‘zbekiston Milliy Metrologiya Instituti” DKning viloyatdagi filiallari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
“O‘zbekiston Milliy Metrologiya Instituti” DK Navoiy filialiga 11 oy davomida 1586 ta murojaat kelib tushgan va barcha murojaatlar ijrosi ta’minlab berilgan.
– Filial tomonidan viloyatning 29 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlari, sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot birlashmalari, paxta klasterlari, donni qayta ishlash zavodlarining 24760 dona o‘lchash vositalari va 825 dona sinov vositalari metrologik tekshiruvdan o‘tkazib berildi. Shu davrda filial tomonidan 10 ta yirik, Navoiy EIZning 5 ta ishlab chiqarish korxonasi va sog‘liqni saqlash boshqarmasining tibbiyot birlashmalariga sayyor xizmat ko‘rsatildi. 46 ta korxona va tashkilotlar tomonidan chetdan keltirilgan 227 o‘lchash vositalari metrologik attestatsiyadan o‘tkazilib, rasmiylashtiriladi. Bundan tashqari, korxona tomonidan tashkilotlar va tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik yaratish maqsadida logistika xizmatlari ko‘rsatildi, – deydi filial rahbari Abduaziz Xolov.
Media tur doirasida jurnalistlar Navoiy erkin iqtisodiy zonasida “UzEraeCable” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston – Koreya qo‘shma korxonasi va “Polipropilen quvurlar” sho‘’ba korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
“UzEraeCable” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston – Koreya qo‘shma korxonasi tasarrufida sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lib, “O‘zstandart” agentligi tomonidan akkreditatsiyalangan. Korxonada yiliga 130 ming kilometr sim, 120 ming dona 39 xildagi avtomobil kabellari va akkumulyator jgutlari ishlab chiqariladi. Korxonada ISO 9001 xalqaro standarti talablariga muvofiq sifatni boshqarish tizimi joriy etilgan va sertifikatlashtirilgan.
Media tur doirasida jurnalistlar agentlik tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va hamkorlikda olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA