O‘zMMAda o‘zgarish: logotip tasdiqlandi
O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi Uchinchi Renessans g‘oyasini o‘zida mujassam etgan millatimizning asrlar osha bosib o‘tgan murakkab tarixiy yo‘li, buyuk ajdodlarimiz faoliyatini aks ettiruvchi jadid bobolarimizning boy merosini targ‘ib qilishda yangi platforma vazifasini bajarishni maqsad qilgan.
Yangi nom bilan qayta tashkil etilgan O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyaning o‘z nizomida belgilangan faoliyat turini namoyon etuvchi yangi logotipi tasdiqlandi.
Yangi logotip minimalizm uslubida ishlangan bo‘lib, qadimdan ajdodlarimizga meros bo‘lgan milliy “quroq” namunasida ifodalangan. Buning ramziy ma’nosi bor. Tasvir turli rang va shakldagi matolarni birlashtirish orqali yaxlit amaliy san’at namunasini yuzaga keltiradigan tarixiy va zamonaviy an’analarimiz uyg‘unligidagi bir jamiyat, bir maqsad atrofida milliy media a’zolarini birlashtiruvchi ma’noga ega.
Logotipdagi turli ranglarda aks ettirilgan to‘rtburchak shakllar raqamli dunyoning muhim elementi piksellarni anglatadi.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi bugungi kunda respublikadagi 21 ta nodavlat telekanal, 19 ta radiokanal, shuningdek, O‘zbekiston kabel televideniyesiga a’zo xorijiy kanallarni o‘z ichiga oladi.
O‘zA