“O‘zmetkombinat” Xitoyning ilg‘or metallurgiya tajribasini o‘rganmoqda
Sanoat korxonalarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bugungi kunda muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Bu borada ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni mahalliy ishlab chiqarish sharoitiga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda "O‘zmetkombinat" AJ delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib, “Sichuan Derun Hangda Steel Co., Ltd.” kompaniyasining faoliyatini o‘rgandi.
Tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolari korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalari va ishlab chiqarishni tashkil etish tajribasi bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, metallurgiya sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy yechimlar, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, energiya samaradorligini oshirish hamda texnologik jarayonlarni optimallashtirish masalalari o‘rganildi.
Shuningdek, ikki korxona mutaxassislari o‘rtasida fikr va tajriba almashinuvi o‘tkazilib, Xitoy korxonasida samarali qo‘llanilayotgan texnologiyalarni "O‘zmetkombinat" AJ ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif xorijiy tajribani o‘rganish bilan bir qatorda, kombinat mutaxassislarining malakasini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va texnologik samaradorlikni yanada oshirishga ham qaratildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, bunday hamkorlik va tajriba almashinuvi metallurgiya tarmog‘ida innovatsion yechimlarni keng joriy etish, resurslardan samarali foydalanish va ishlab chiqarishni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish uchun muhim ahamiyat ega.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA