Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va sifat nazorati takomillashtiriladi
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror agrar taraqqiyot: ustuvor vazifalar va istiqbollar” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Qo‘mita raisi Anvar To‘ychiv mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanish ratsionini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Xususan, sohaning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlandi. Qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarish tizimi shakllantirilmoqda. Suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Qayd etilganidek, global iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining tanqisligi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, aholi sonining o‘sishi va oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortishi agrar sohani yangi yondashuvlar asosida rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Seminarda oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiy barqarorlik, aholi farovonligi, ijtimoiy himoya va ekologik xavfsizlikning muhim omili sifatida alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Seminar ishtirokchilari aholi daromadlari va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash, mahsulotlar sifati, xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tashish jarayonlarini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligida suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi ta’siriga moslashish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

BRM maqsadlariga erishishda parlament, mahalliy kengashlar, jamoatchilikning ishtiroki muhimligidan kelib chiqib, belgilangan ko‘rsatkichlarning hududlar kesimida ijrosini har yili tahlil qilib borish, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mavjud muammolarni o‘rganishga fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, fermerlar va jamoatchilikni keng jalb qilish zarurligi qayd etildi.

Tadbir yakunida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligi va mehnat unumdorligini oshirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishining agrar sohaga ta’sirini kamaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va sifat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA