O‘zganing haqiga xiyonat jazosiz qolmaydi
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirishda el-yurt farovonligi, inson turmush darajasining yaxshilanishi mujassam. Shu jihatdan, demokratik jamiyat barpo etib, rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olish sari har bir sohada izchillik bilan islohotlar olib borilmoqda. Lekin, demokratik jamiyat tamoyillariga mutlaqo zid, ayrim xodimlarning ish haqidan ushlab qolish holatlari hali hamon uchramoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Jizzax viloyatidan fuqarolarning murojaati kelib tushdi. Unda murojaatchilar oylik maoshlari asossiz ushlab qolinganini bildirib, mehnat huquqlarining tiklanishini so‘ragan. Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olindi. Holat Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Jizzax viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi vakili bilan birgalikda o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali buxgalteriyasi tomonidan bir necha nafar xodimlarning mehnat ta’tili mablag‘larini hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘yilganligi sababli ish haqlari ortiqcha to‘lab yuborilgan.
Jumladan, fuqaro G.I. hisobiga 3 million 800 ming, fuqaro P.O. hisobiga 4 million so‘m miqdorida mehnat ta’tili uchun ortiqcha mablag‘ to‘langan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, tegishli qaror bilan filial hisobchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 49-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun filial bosh hisobchisiga bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorida, ya’ni 2 million 720 ming so‘m hamda filial hisobchisiga 2 million 380 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 269-moddasiga muvofiq, ish beruvchi ish haqi hisobiga berilgan hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha to‘langan summalarni qaytarib olishi mumkin, bunday holatlarda ish beruvchi to‘lov noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli ekanini ta’kidlab o‘tish joiz.
Buxgalteriya – aniq hisoblarga asoslanadi. Dono xalqimiz, yetti o‘lchab bir kes, deb bejizga aytmagan. O‘zganing nasibasiga sherik bo‘lishning oqibati xayrli bo‘lmasligini doim yodda tutmoq darkor.
O‘tkir Jo‘rayev,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha
vakilining (ombudsmanning) Jizzax
viloyatidagi mintaqaviy vakili
O‘zA.