O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqei oshmoqda
Bu yil Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlik aloqalari 1992 yil 26 yanvar kuni ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgach, rivoj topa boshladi.
Ayniqsa, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasida so‘nggi yillarda izchil rivoj topayotgan munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi, strategik sheriklik imkoniyatlarini kengaytirdi. Ta’kidlash joizki, Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi doirasida 50 ga yaqin hujjat imzolandi.
Iqtisodiy sohadagi hamkorlik O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlaridagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston–Yaponiya va Yaponiya–O‘zbekiston qo‘mitalari faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tuzilmasida Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha boshqarma tashkil qilindi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi huzurida esa xususiy biznes bilan ishlash bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi.
O‘zbekistonda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida 22 ta, jumladan, 8 ta korxona 100 foiz Yaponiya kapitali asosida faoliyat yuritmoqda. Yaponiyaning 15 ta transmilliy kompaniyalari vakolatxonalari O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan. Mazkur kompaniyalar neft-gaz, neft-kimyo va kimyo tarmog‘i, energetika jihozlari ishlab chiqarish, mashinasozlik va mashina texnika mahsulotlari, transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, savdo operatsiyalari, turizm sohasiga ixtisoslashgan.
E’tirof etish kerakki, ikki mamlakat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 1,8 barobar ortib, 2021 yilda qariyb 400 million dollarni tashkil qildi. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tashqi savdoda manfiy saldo kuzatilishiga qaramay, 2021 yilda eksport avvalgi yillarga nisbatan 49 foizga ortdi.
Bugun O‘zbekistonda «Marubeni», «Mitsubishi Motors», «Japan Oil, Gas and Metals National Corporation (JOGMEC)», «Toyota Tsusho», «Itochu», «Isuzu Motors Ltd.» va boshqa mashhur yapon kompaniyalari ish yuritmoqda.
Yaponiyalik investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi kundan-kunga ortib bormoqda, bunga Prezident Shavkat Mirziyoyevning pragmatik siyosati yo‘l ochib bermoqda.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ham alohida e’tiborga molik, zero Yaponiyaning madaniy va ma’rifiy o‘ziga xosligi O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy hayoti bilan hamohangdir.
Madaniyatlararo muloqotni muvaffaqiyatli rivojlantirishda 1999 yil ta’sis etilgan «O‘zbekiston–Yaponiya» do‘stlik jamiyatining salmoqli o‘rni bor. Jamiyat Yaponiyaning «Yaponiya–O‘zbekiston» do‘stlik assotsiatsiyasi va «Fukushima–O‘zbekiston» madaniy-iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan.
Ikki mamlakat shaharlarini bezab turgan qator madaniy inshootlar xalqlarimizning do‘stligi va o‘zaro anglashuvining ramzlariga aylanib ulgurdi.
Bugun o‘zbekistonlik ko‘plab yoshlar Yaponiyada ta’lim olishga intilmoqda. Yapon tilini o‘zbek yigit-qizlari qiziqib o‘rganmoqda. So‘nggi 20 yilda 4 mingdan ortiq o‘zbek talabasi Yaponiyada ta’lim oldi. Shuningdek, O‘zbekistondagi oltita oliy o‘quv yurti ta’lim dasturlariga ham yapon tilini o‘rganish kiritilgan.
Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotining (JICA) mintaqaviy vakolatxonasi ko‘magida qator universitetlarda mazkur tilni o‘rganish markazlari ochilgan.
Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston va Yaponiya xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalar, zamonaviy munosabatlarning erishilgan darajasi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyatlar mavjud.
Men O‘zbekiston Prezidentiga chuqur hurmatimni bildiraman. U xalqaro hamjamiyatni mamlakatga qaratish uchun turli jabhalarda, jumladan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda chuqur islohotlarni amalga oshirmoqda. Albatta, kelajakda davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tariladi, samimiy do‘stona munosabatlarimiz yanada mustahkamlanadi.
Yoshinori FUJIYAMA,
Yaponiyaning O‘zbekistondagi
Favqulodda va muxtor elchisi