O‘zbekistonning saylov tizimini raqamlashtirishdagi yutuqlari xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi
Shu yil 13-17-oktabr kunlari Filippin Respublikasining Manila shahrida Butunjahon Saylov organlari assotsiatsiyasining (A-WEB) 7-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Saylov organlari assotsiatsiyasiga a’zo davlatlarning milliy saylov organlari vakillari ishtirok etdi. Unda saylov tizimlarini rivojlantirish, saylov jarayonlarini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda keltirilganidek, Assambleya doirasidagi tadbirlarda Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B.Qo‘chqorov va Komissiya a’zosi G.Rahimova ishtirok etdi.
Quvonarlisi, forum doirasida O‘zbekistonning saylov tizimini raqamlashtirish sohasida erishgan yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Butunjahon Saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA) Ijroiya kengashining 14-yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan tanlov yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi eng yaxshi amaliyotlar va tashabbuslar uchun BSOA mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Ushbu xalqaro e’tirof saylovlarni tashkil etish va boshqarishda raqamli vositalarni joriy etish borasida O‘zbekiston tajribasining jadallashib borayotgani natijasi. Shuningdek, mamlakatimizning bu boradagi tajribasiga xalqaro qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, O‘zbekiston bilan bir qatorda Albaniya Markaziy saylov komissiyasi (xorijda istiqomat qiluvchi saylovchilarni ro‘yxatga olish va saylovchilar ro‘yxatlarini boshqarish uchun elektron platformani ishlab chiqqani) va Meksika Milliy saylov instituti (yangi saylov islohoti doirasida saylov jarayonini muvaffaqiyatli tashkil etgani uchun) yuksak mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
G‘olib deb topilgan tashabbuslar saylovlarni boshqarish sohasidagi bilimlar va ilg‘or tajribalarning yagona bazasi bo‘lgan BSOAning veb-portalida e’lon qilinadi.
M.Komilova, O‘zA