O‘zbekistonning AI kelajagi uchun yangi strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilmoqda
O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini jadal rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qatarning MBK Holding asoschisi va boshqaruv raisi Mansur bin Xalifa Ol Toniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, IT sohasiga investitsiya jalb qilish hamda inson kapitalini rivojlantirish kabi strategik yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonni sun’iy intellekt va ilg‘or raqamli texnologiyalar bo‘yicha Markaziy Osiyo hamda MDH hududidagi yetakchi markazlardan biriga aylantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishda yosh va iqtidorli mutaxassislarni xalqaro loyihalarga jalb qilish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va yangi, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shuningdek, sun’iy intellekt yechimlarini sog‘liqni saqlash, ta’lim va davlat boshqaruvi tizimlariga keng joriy etish, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro IT kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirish va mamlakatning intellektual salohiyatidan samarali foydalanish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning zamonaviy mexanizmlarini ham muhokama qilib, olimlarning asosiy e’tiborini tadqiqotlarga qaratish, innovatsion mahsulotlarni esa jahon bozoriga olib chiqish bo‘yicha yangi yondashuvlar yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy qadamlar belgilab olindi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA