O‘zbekistonlik talabalar uchun tuhfa
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jahondagi yirik oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan amaliy hamkorlik qilib kelmoqda.
Universitet va Saudiya Arabistonining Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazi o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik loyihasi doirasida ko‘plab madaniy-ma’rifiy va ilmiy-ta’limiy tadbirlar rejalashtirilgan.
Kuni kecha Saudiya Arabistonidan hushxabar keldi. Markaz Sharqshunoslik universitetiga 200 dan ortiq kitob yubordi.

Ushbu hadya arab tili, adabiyoti, tarixi, falsafasi, arab mamlakatlari iqtisodi va tashqi siyosatiga oid bo‘lib, universitet talabalari, magistrlari, tayanch doktorantlari va yosh tadqiqotchilar uchun asl manba bo‘lib xizmat qiladi.
Markaz bilan kelishuvga ko‘ra, bu kichik kutubxona dastlabki qadam bo‘lib, keyingi oylarda yana kitoblar jo‘natish rejalashtirilgan.
B.Meliqulova, O‘zA