O‘zbekistonlik o‘quvchilarning xalqaro olimpiadalardagi natijalari
Bundan o‘n yillar muqaddam O‘zbekiston o‘quvchilarining xalqaro fan olimpiadalarida g‘alaba qozonishi favqulodda xursandchilik holati, deb qaralar edi. Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim sohasida boshlangan yangilanish jarayonlari, o‘quvchilar va ularning ustozlarini faol qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar xalqaro olimpiadalarda o‘zbekistonlik yoshlarning muttasil zafar qozonishida muhim omil bo‘lmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘quvchilarning xalqaro fan olimpiadalaridagi ishtiroki yo‘nalishida 2026-yilda yurtimiz o‘quvchilari xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etib, 220 ta medal, jumladan, 35 ta oltin, 81 ta kumush va 104 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Fan olimpiadalari tarixida yangi natija qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida 1 ta oltin medal qo‘lga kiritildi. Joriy yilda o‘quvchilarimiz ilk bor Xalqaro sun’iy intellekt olimpiadasida qatnashib, 3 ta medal — 1 ta kumush va 2 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika va informatika olimpiadasida o‘quvchilarimiz 61 ta medal — 11 ta oltin, 22 ta kumush va 28 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida esa 11 ta medal — 2 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medalga sazovor bo‘lindi.
Joriy yilda yurtimiz o‘quvchilari eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda 16 ta medal — 1 ta oltin, 7 ta kumush va 8 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Xususan, O‘zbekiston mezbonligida 96 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida 1 ta oltin va 3 ta kumush medal qo‘lga kiritildi.
Xitoyda 119 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro matematika olimpiadasida o‘g‘il-qizlarimiz 2 ta kumush va 3 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Kolumbiyada 96 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro fizika olimpiadasida esa navqiron yurtdoshlarimiz 2 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Xalqaro olimpiadalarda yoshlarimiz 4 ta medalga sazovor bo‘ldi. Xususan, o‘quvchilarimiz Germaniyada 51 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro nemis tili olimpiadasida 1 ta kumush va 1 ta bronza, Xitoyda 60 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro iqtisod olimpiadasida esa 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Bularning barchasi mamlakatimizda ta’lim sifatini yuksaltirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlarning natijasidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA