O‘zbekistonlik o‘quvchilar dunyoning birinchi raqamli universiteti — MIT talabasi bo‘ldi
Mamlakatimiz ta’lim tizimida, xususan, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida tarixiy natija qayd etildi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning ikki nafar iqtidorli o‘quvchisi: Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov dunyoning eng nufuzli oliygohi hisoblangan Massachusets texnologiya institutiga (Massachusetts Institute of Technology — MIT) 100 foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilindi.

Bu haqda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 1861-yilda tashkil etilgan MIT universiteti nufuzli QS jahon reytingida ketma-ket 13 yildan buyon 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Universitet muhandislik, kompyuter texnologiyalari, matematika va fizika yo‘nalishlarida dunyodagi eng kuchli ilmiy markaz hisoblanadi. Shu kungacha ushbu dargohdan 100 dan ortiq Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqan.
MIT universitetiga kirish dunyo bo‘yicha eng murakkab jarayonlardan biri sanaladi. Har yili minglab da’vogarlar orasidan faqatgina 4 foiz eng sara iqtidor sohiblarigina talabalik baxtiga muyassar bo‘ladi. O‘zbekistonlik yoshlarning bunday yuqori raqobatli muhitda g‘olib chiqishi mamlakatimizda keyingi yillarda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va Prezident maktablari hamda ixtisoslashtirilgan maktablarda yaratilgan zamonaviy tizimning amaliy natijasidir.
Universitetning 24 milliard dollardan ortiq moliyaviy jamg‘armasi va keng ko‘lamli tadqiqot imkoniyatlari yoshlarimizga jahon ilm-fanining eng oldingi saflarida bo‘lish imkonini beradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA