O‘zbekistonlik olimlarning salohiyati xalqaro darajada e’tirof etildi
Ilm-fan sohasida jahonning eng yetakchi izlanuvchan va salohiyatli olimlari ro‘yxatini e’lon qilib boradigan "World's Top 2% Scientists 2026"ning yangilangan reytingida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti olimlari nomi qayd etildi.
Aytish lozimki, har yili nafaqat AQSH, balki dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim dargohi sanalgan Stenford universiteti va Elsevier nashriyoti dunyo olimlarining ko‘rsatkichlari asosida eng kuchli ikki foiz olimlar ro‘yxatini yangilab boradi.
E’tiborli jihati, bu yil ushbu ro‘yxatdan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari Dilfuza Egamberdiyeva mikrobiologiya, Bobomurod Ahmedov, Javlon Rayimboyev, Ahmadjon Abdujabborov fizika-astronomiya, Elyor Berdimurodov kimyo, Yusufjon G‘afforov mikologiya va parazitologiya yo‘nalishlarida dunyoning eng salohiyatli olimlari sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekistonlik olimlarning bunday nufuzli reytingdan joy olishi mamlakatimiz ilmiy salohiyati yildan-yilga oshib borayotganligini, yurtimiz olimlari tomonidan olib borilayotgan izlanishlar xalqaro darajada tan olinayotganligini amalda ko‘rsatganligi bilan ahamiyatlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA