O‘zbekistonlik olima xalqaro tanlovda oltin medalni qo‘lga kiritdi
Mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, olimlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ishlanmalarini xalqaro maydonda namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Namangan davlat texnika universiteti professori Ozoda Abdullayeva Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan “Koreya xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi” — KIWIE-2026 xalqaro tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Tanlovning rasmiy natijalariga ko‘ra, olima tomonidan taqdim etilgan “Motocognition” innovatsion ishlanmasi oltin medal bilan taqdirlandi.
Ozoda Abdullayevaning oltin medalni qo‘lga kiritishi uning ilmiy va innovatsion faoliyatidagi muhim natijalardan biri bo‘ldi. Shuningdek, ushbu yutuq Namangan davlat texnika universitetida ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalar yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganini ko‘rsatadi.
KIWIE xotin-qizlarning ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi ishlanmalarini xalqaro maydonda namoyish etish uchun muhim platformalardan biri hisoblanadi.

Bunday xalqaro tanlovlarda o‘zbekistonlik olimlarning munosib ishtirok etishi mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy natijalarini namoyon etish bilan birga, yoshlarni ilmiy izlanishlarga jalb etishga ham xizmat qiladi.
M. Hojiakbarova, O‘zA