O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni ortishi kutilmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning turizm salohiyati xalqaro maydonda tobora yuksalib bormoqda. Qadimiy shaharlar, boy madaniy meros, ziyorat turizmi, milliy taomlar va zamonaviy infratuzilmaning uyg‘unligi mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda. Xususan, vizasiz tartibning kengayishi, aviaqatnovlar sonining ortishi hamda xalqaro festivallar va madaniy tadbirlar oqimi turistlar sonining keskin ko‘payishiga xizmat qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida jami 4 048 417 nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 930,8 ming nafarga yoki 29,9 foizga oshgani mamlakat turizm sohasi jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonga eng ko‘p turist tashrifi qayd etilgan TOP-10 davlat:
— Qirg‘iziston — 1 141 581 nafar
— Tojikiston — 965 488 nafar
— Qozog‘iston — 935 003 nafar
— Rossiya — 341 842 nafar
— Afg‘oniston — 161 537 nafar
— Xitoy — 132 240 nafar
— Turkmaniston — 108 433 nafar
— Turkiya — 57 686 nafar
— Hindiston — 16 057 nafar
— Janubiy Koreya — 12 145 nafar
Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlaridan keluvchi turistlar ulushining yuqoriligi mintaqadagi yaqin iqtisodiy va madaniy aloqalar mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Xitoy, Hindiston va Janubiy Koreya kabi Osiyo davlatlaridan tashriflar ko‘payib borayotgani O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Yil yakuniga qadar O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni yanada ortishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA