O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan xitoylik sayyohlar soni keskin ko‘paymoqda
Xitoylik sayyohlarning O‘zbekistonga kelishi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, vizasiz rejim joriy qilinganidan so‘ng Xitoydan sayyohlar oqimi 3,5 barobar ko‘paygan. 2026-yilning besh oyida esa 178 121 nafar xitoylik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 78 foiz o‘sishni ko‘rsatadi. Bu o‘sish O‘zbekiston turizm bozorining Osiyo mintaqasida yanada jozibador bo‘layotganini bildiradi.
Xitoylik sayyohlarni eng ko‘p jalb qilayotgan omillardan biri O‘zbekistondagi xavfsiz va nisbatan arzon sayohat muhiti. Ko‘plab sayyohlar uchun Yevropa yoki boshqa uzoq yo‘nalishlarga qaraganda O‘zbekiston tarixiy jihatdan boy, ammo xarajatlar jihatidan qulay yo‘nalish hisoblanadi.
Yana bir muhim omil Buyuk Ipak yo‘li merosi. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarga bo‘lgan qiziqish Xitoy sayyohlari orasida juda yuqori. Chunki bu hududlar Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy savdo va madaniy aloqalar bilan bevosita bog‘liq.
Poytaxt – Toshkent ham tobora ko‘proq e’tibor qozonmoqda. Toshkent zamonaviy infratuzilma va tarixiy obidalarni uyg‘unlashtirgani bilan ajralib turadi. Bu yerda qadimiy madrasalar bilan bir qatorda yangi biznes markazlari, mehmonxonalar va savdo markazlari sayyohlar uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Toshkentdagi eng muhim yangi markazlardan biri, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi. Bu maskan islom madaniyati, ilm-fani va tarixini chuqur o‘rganish imkonini berib, xorijlik sayyohlar, jumladan xitoyliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Zamonaviy parklar, ko‘ngilochar markazlar, muzeylar va restoranlar shaharning turizm salohiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa yosh sayyohlar oqimini ham kuchaytirmoqda. Transport infratuzilmasi ham muhim rol o‘ynamoqda. Toshkent metrosi, xalqaro aeroport va shahar ichidagi qulay transport tizimi sayyohlarning erkin harakatlanishini osonlashtiradi.
Xitoylik sayyohlar uchun yana bir jozibador jihat, O‘zbekiston oshxonasidir. Palov, lag‘mon, somsa kabi taomlar ularda katta qiziqish uyg‘otadi. Ayniqsa, milliy taomlarning tabiiy va boy ta’mi ko‘pchilik sayyohlarni hayratga soladi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi turizm aloqalari tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Vizasiz rejim, tarixiy meros, zamonaviy shaharlar va qulay infratuzilma bu oqimni yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Kelgusida Toshkent va boshqa shaharlarda xitoylik sayyohlar soni yanada ortishi kutilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA