O‘zbekistondagi xotin-qizlar va bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslar yuksak baholandi
Osiyo xotin-qizlari II forumi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) ijrochi direktori Diyena Keyta bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning YUNFPA bilan gender tenglik, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi hamkorligi xususida fikr almashildi.
Diyena Keyta Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda aholi farovonligini yuksaltirish, xotin-qizlar, onalar va bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslarini yuksak baholadi. Ushbu ustuvor yo‘nalishlar YUNFPA faoliyatining asosiy tamoyillari bilan hamohang ekanini hamda tashkilot o‘z ish faoliyatida aynan shu yondashuvlarga tayanib kelayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi.
Sog‘liqni saqlash sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash va tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, YUNFPA bilan hamkorlikda tibbiyot mutaxassislarining malakasini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratildi. Ijtimoiy va tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, oila va yoshlar masalalari, reproduktiv salomatlikni himoya qilish, xotin-qizlar va yoshlar tibbiy va maslahat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun raqamli platformalar va mobil yechimlarni joriy etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
N.Abduraimova, O‘zA