O‘zbekistonda yoqilg‘isiz ishlaydigan innovatsion issiqxonalar barpo etildi
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida qishloq xo‘jaligida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan yana bir yirik loyiha amalga oshirildi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda “Uzagrostar xolding” muassisligidagi “Yangiyo‘l – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan tumanning Bunyodkor mahallasida 13 gektar maydonda zamonaviy sabzavotchilik tajriba majmuasi tashkil etildi.
Mazkur loyiha mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish va resurslardan samarali foydalanishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Loyiha doirasida pomidor, ko‘katlar va bulg‘or qalampirini yetishtirishda jahonning ilg‘or tajribalari joriy etildi. Maydonning 4 gektar qismida Xitoy texnologiyasi asosida avtomatlashtirilgan va energiya tejamkor innovatsion issiqxonalar kompleksi qurildi.
Kompleks tarkibiga har biri 4–10 sotixdan iborat bo‘lgan 25 ta issiqxona hamda 50 sotix maydonda mahsulot yetishtirishning 10 xil yangi usuli kiritilgan. Bu yerda ekinlarni parvarishlash, sug‘orish va iqlim nazorati to‘liq avtomatlashtirilgan.

Loyihaning eng muhim jihatlaridan biri an’anaviy yoqilg‘i manbalaridan voz kechilganidir. Issiqxonalarda isitish va sovitish uchun geotermal issiqlik nasoslari texnologiyasidan foydalanilmoqda.
Ushbu tizimda yer qa’ridan olinadigan +14 darajali suv hamda maxsus issiqlik saqlovchi qoplamalar yordamida qish mavsumida issiqxonalar isitiladi, yoz oylarida esa sovutiladi. Shu bilan birga, tizimning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji quyosh panellari orqali qoplanadi. Mutaxassislar fikricha, mazkur texnologiya nafaqat energiya sarfini keskin kamaytiradi, balki mahsulot tannarxini pasaytirishga ham xizmat qiladi.
Bu texnologiya Xitoyning Shandun provinsiyasida keng qo‘llanilib, bir million gektardan ziyod maydonda samarali foydalanib kelinmoqda. Usulning asosiy afzalligi shundaki, u yil davomida 4-martagacha ekin ekish imkonini beradi. Natijada an’anaviy usullarga nisbatan 5–6 barobar ko‘proq hosil olish mumkin bo‘ladi.

Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va aholini arzon hamda sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyihaning 9 gektar ochiq maydonida Italiyaning mashhur Ferrari kompaniyasi texnikasi yordamida Germaniya, Serbiya, Isroil, Xitoy va Italiyadan keltirilgan pomidorning 14 xil yangi navlari ekildi.
Ular orasida Rio Grand, Max Rio, Galileo, Lenok, Montana va Rocer kabi yuqori hosildor va bozorbop navlar mavjud. Mutaxassislar ushbu navlarni mahalliy iqlim sharoitida sinovdan o‘tkazib, eng samarali turlarini ommalashtirishni rejalashtirmoqda.

Loyiha bilan tanishish maqsadida respublika vazirlik va idoralari, hududiy hokimliklar hamda “Agrostar” kompaniyalari rahbarlari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Yangiyo‘l tajribasi atroflicha muhokama qilinib, uni boshqa hududlarda ham joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur hududda mahsulotlarni saralash, saqlash va qadoqlash quvvatlarini o‘z ichiga olgan yirik agromajmua tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ekish, parvarishlash va hosil yig‘ib olish jarayonlari uchun maxsus qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlangan infratuzilma yaratiladi.

Loyihani kengaytirish doirasida Toshkent viloyatida kamida 5 ming gektar maydonda energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur tashabbus qishloq xo‘jaligida resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish va mamlakat agrosanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA