O‘zbekistonda xalqaro "CanSat-2026" loyihasining final bosqichi o‘tkazilmoqda
O‘zbekistonda xalqaro "CanSat-2026" loyihasi bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 16–21-oktabr kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tashkil etilgan dastur yoshlarga kosmik texnologiyalar bo‘yicha bilim olish, o‘z qurilmalarini yaratish va ularni haqiqiy parvoz sharoitida sinovdan o‘tkazish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fazo tadqiqotlari va texnologiyalari agentligi — «O‘zbekkosmos» tomonidan Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamkorligida tashkil etilgan loyiha 15 davlatdan 50 nafar yosh muhandis hamda 100 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabani birlashtirdi. Xalqaro dastur ishtirokchilari muhandislik vazifalari ustida ishlab, o‘zaro bilim va tajriba almashmoqda.

Final bosqichiga qadar ishtirokchilar Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Ular qurilmalarni loyihalash, elektron qismlarni birlashtirish, datchiklarni sozlash, dasturlash va sinovdan o‘tkazish ustida ish olib bordi.
Mashg‘ulotlar davomida har bir jamoa o‘zining CanSat qurilmasini tayyorladi. Bu jarayon ishtirokchilardan alohida texnik bilimlarni yagona tizimga birlashtirish, vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash va yuzaga kelgan muammolarga birgalikda yechim topishni talab etdi.

Bugun, 21-oktabr kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi «Yangi hayot» aerodromida loyihaning final bosqichi o‘tkazilmoqda. Unda jamoalar o‘z qurilmalarini raketalar yordamida uchirib, tayyorgarlik davomida ishlab chiqqan texnik yechimlarini amalda sinovdan o‘tkazmoqda.
Ayni daqiqalarda xalqaro “CanSat-2026” loyihasining final bosqichi davom etmoqda.
Nigora Rahmonova,
Asliddin Alijonov(surat),
O‘zA