O‘zbekistonda vazirlik lavozimlarida ayollar ulushi necha foizni tashkil etadi?
Gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mehnat, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport va sog‘liqni saqlashda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq, mas’uliyat va imkoniyatlarga ega bo‘lishini anglatadi.
Global gender tafovuti indeksida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda turadi ?
Aslida gender tenglik, ya’ni erkaklar va xotin-qizlar tengligi insonning asosiy huquqlaridan biridir. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, bu omil eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning ham negizi sanaladi.
Jahon iqtisodiy forumi tomonidan Global Gender Gap Report — Global gender tafovuti indeksining 20-nashri e’lon qilindi. Bu yilgi hisobot 145 ta davlat va iqtisodiyotda ayollar hamda erkaklar o‘rtasidagi imkoniyatlar farqini iqtisodiy ishtirok, ta’lim, salomatlik va siyosiy vakolatlar bo‘yicha baholadi.
Reytingda O‘zbekiston 110-o‘rinni egalladi. Mamlakatning umumiy gender pariteti ko‘rsatkichi 0,682 ballni tashkil etdi. Bir yil avval esa O‘zbekiston 148 ta davlat orasida ham 110-o‘rinda qayd etilgan, indeks qiymati 0,678 ball bo‘lgan. Demak, reytingdagi o‘rin o‘zgarmagan bo‘lsada, umumiy ko‘rsatkich 0,004 ballga yaxshilangan. Biroq mamlakatdagi vaziyatni faqat umumiy reyting orqali baholab bo‘lmaydi. Indeksning alohida yo‘nalishlari turlicha manzarani ko‘rsatmoqda.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilab qo‘yilgan. Xususan, qonuniylik — barcha qaror va harakatlar qonunchilikka muvofiq bo‘lishi, demokratiya — xotin-qizlar va erkaklarning jamiyat va davlat ishlarida teng ishtirok etishi, ochiqlik — gender siyosati va qabul qilinayotgan qarorlar haqida axborotdan foydalanish imkoniyati hamda oshkoralik — davlat organlari faoliyati, natijalar va muammolarning jamoatchilikka ma’lum qilinishi kerak. Bosh qomusimiz hisoblanmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham xar ikkala jins egalarining tengligi kafolatlangan.
O‘zbekistonning eng yuqori ko‘rsatkichlaridan biri ta’lim sohasida qayd etilgan. Ta’lim darajasi bo‘yicha gender pariteti 0,997 ballni tashkil etib, mamlakat 54-o‘rinni egallagan. O‘tgan 2025-yilda mazkur ko‘rsatkich 0,998 ball va 43-o‘rinni tashkil etgan edi. Ya’ni ball deyarli o‘zgarmagan va ta’limda ayollar hamda erkaklar o‘rtasidagi tenglik juda yuqori darajada saqlanib qolgan. Biroq reytingda 11 pog‘ona pasayish kuzatilgan.
2026-yilda O‘zbekistonda iqtisodiyotda farq yo‘nalishdagi ko‘rsatkichi 0,562 ballni tashkil etib, 124-o‘rin qayd etilgan. 2025-yilda esa 0,558 ball bilan 123-o‘rinda bo‘lgan. Shunday qilib, ko‘rsatkich 0,004 ballga yaxshilangan bo‘lsada, mamlakatning reytingdagi o‘rni bir pog‘ona pastlagan. Bu yo‘nalish hali ham gender tafovuti eng ko‘p seziladigan sohalardan biri ekanini ko‘rsatadi.
“Sog‘liq va omon qolish” subindeksida O‘zbekiston 0,956 ball bilan 137-o‘rinni egallagan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 0,955 ball va 141-o‘rin edi, bir yilda mamlakat 4 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalish ichida ham farq bor. Sog‘lom umr davomiyligi ko‘rsatkichi 1,020 ballni tashkil etgan bo‘lsa, tug‘ilishdagi jinslar nisbati 0,928 ball bilan ancha past natijani qayd etgan. Mazkur indikator bo‘yicha O‘zbekiston 141-o‘rinda.
O‘zbekistonning eng sezilarli ijobiy siljishlaridan biri siyosiy vakolatlarni kengaytirish yo‘nalishida kuzatilgan. 2026-yilda bu subindeks bo‘yicha mamlakat 0,213 ball bilan 74-o‘rinni egalladi. 2025-yilda esa 0,202 ball va 82-o‘rin qayd etilgan. Shunday qilib, bir yil ichida reytingda 8 pog‘onalik o‘sish kuzatilgan. Parlamentda ayollar ulushi 39,19 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston 28-o‘rinda. Biroq yuqori lavozimlarga kelganda raqam ancha farq qiladi. Vazirlik lavozimlarida ayollar ulushi 5 foizni tashkil etgan va mamlakat ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 138-o‘rinni egallagan.
Jahon iqtisodiy forumining 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, global gender tafovutining 69,2 foizi yopilgan. Biroq to‘liq tenglikka erishish hali uzoq jarayon bo‘lib qolmoqda. Hisobotda bugungi sur’at saqlangan taqdirda, dunyoda to‘liq gender paritetiga erishish uchun taxminan 120 yil kerak bo‘lishi qayd etilgan. Hisobotning 20 yillik tahlili yana bir muhim jihatni ko‘rsatadi: gender tengligi faqat ta’limdagi teng imkoniyat bilan cheklanmaydi. Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlari, rahbarlik lavozimlaridagi ishtiroki va qaror qabul qilish jarayonlaridagi o‘rni ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston misolida ham raqamlar shuni ko‘rsatmoqda: ta’limda gender pariteti deyarli to‘liq ta’minlangan bir paytda, iqtisodiy imkoniyatlar va yuqori darajadagi rahbarlik lavozimlaridagi ishtirok bo‘yicha farq hali ham mavjud.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA