O‘zbekistonda uy-joy bozori: qaysi hududlarda savdo ko‘proq oshdi?
O‘zbekiston uy-joy bozorida yil boshida kuzatilgan keskin o‘sishdan keyin savdo faolligi nisbatan barqaror darajaga tushdi.
Avgust oyida mamlakat bo‘yicha qariyb 25,1 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan — o‘sish 0,2 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon uy-joy bozorida o‘sish sur’atlari yuqori bo‘lib qolmoqda. Yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonda jami 222,5 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi amalga oshirilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foiz ko‘p.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mart oyida uy-joy savdosi sezilarli darajada oshib, bitimlar soni 43,5 mingtaga yetgan. Biroq, aprel–may oylarida bozorda faollik pasaygan. Iyun–iyul oylarida esa ko‘rsatkich oyiga 25–26 mingta bitim darajasida tiklangan va avgust oyida ham shu daraja saqlanib qolgan.
Avgust oyida mamlakatning 14 ta hududidan 6 tasida uy-joy savdosi hajmi oshgan. Poytaxtda ham uy-joy bozorida o‘sish qayd etildi. Toshkent shahrida avgust oyida 7,4 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 foiz ko‘p.
Yil boshidan buyon Toshkent shahrida uy-joy savdosi hajmi 27,5 foizga oshgan. Uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari poytaxtdan tashqari Sirdaryo va Andijon viloyatlarida ham qayd etilgan. Xususan, yanvar–avgust oylarida Sirdaryo viloyatida uy-joy savdosi 25,4 foizga, Andijon viloyatida esa 23,8 foizga o‘sgan.
Shu tariqa, yil boshidagi keskin o‘sishdan keyin bozorda oylik savdo hajmi nisbatan barqarorlashgan bo‘lsa-da, yillik hisobda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni yuqori o‘sish sur’atini saqlab qolmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA