O‘zbekistonda sayyohlar uchun 32 ta yangi mehmonxona barpo etildi
Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasida mehmonxona xo‘jaligida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Sayyohlar oqimi ortib borayotgan bir paytda ularni munosib kutib olish, qulay sharoit va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun yangi mehmonxonalar barpo etilmoqda. Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, сўнгги uch yilda mamlakatimizda yulduzli toifaga ega 32 ta yangi mehmonxona qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ularning 28 tasi 3 yulduzli, 2 tasi 4 yulduzli va 2 tasi 5 yulduzli mehmonxonalardir. Yangi ob’ektlar hisobiga jami 3 279 ta xona va 6 280 ta o‘rin yaratildi.
Bu esa O‘zbekistonning ichki va xorijiy sayyohlarni qabul qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar yuqori to‘lov qobiliyatiga ega sayyohlarni jalb qilishda muhim o‘rin tutadi. Bunday mehmonlar sayohat davomida ko‘proq mablag‘ sarflaydi, restoran, transport, ko‘ngilochar va boshqa premium xizmatlardan foydalanadi. Natijada turizmdan tushadigan daromad ham ortadi.
Yangi mehmonxonalarning barpo etilishi tasodifiy emas. Sohani rag‘batlantirish maqsadida davlat byudjetidan 156 milliard 410 million so‘m subsidiya ajratildi.
Shu tariqa, yangi mehmonxonalar nafaqat sayyohlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratmoqda, balki O‘zbekistonning zamonaviy va raqobatbardosh turistik yo‘nalish sifatidagi salohiyatini ham oshirmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA