O‘zbekistonda Raqamli sud ekspertizasi va tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazida Raqamli sud ekspertizasi va tadqiqot markazi ish boshladi.
Mazkur markaz Prezidentimizning 2025-yil 8-sentabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti, Hindiston milliy kriminalistika fanlari universiteti va “Axxonet System Technologies” kompaniyalarning hammuassisligida tashkil etildi.

Markazning ochilishida uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari, ko‘rsatiladigan xizmatlar hamda olib boriladigan tadqiqotlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Sud-ekspertiza sohasini yanada rivojlantirish, sohani raqamlashtirish, sud-ekspertiza sohasiga sun’iy intellektni joriy etish, bu borada Hindiston tajribasini keng qo‘llash masalasi muhokama qilindi.

Hindiston milliy kriminalistika universiteti kampus direktori, professor Purvi Pokhariyalning qayd etishicha, markaz, shubhasiz, Markaziy Osiyo uchun mutlaqo yangi istiqbollarni ochib beradi. Zero, u kiberjinoyatchilikni tergov qilish bilan bog‘liq barcha masalalarga kompleks yechimlar taqdim etish imkonini beradi. Bu O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarning kiberjinoyatlardan xoli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Markaz yuridik ta’limni yanada rivojlantirish, talabalarning amaliy bilim olishida ham muhim o‘rin tutadi. Zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayonlariga joriy etish, raqamli sud ekspertizalariga oid tadqiqotlarni o‘tkazish ta’lim samaradorligi yanada oshiradi.

N.Abduraimova, O‘zA