O‘zbekistonda QQS to‘lovchilari soni 268 mingdan oshdi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda maxsus ro‘yxatdan o‘tgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari soni 268 ming 375 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,6 foizga oshgan.
Mutasaddi idoralar ma’lumotlariga ko‘ra, QQS to‘lovchilarining eng katta qismi savdo sohasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu yo‘nalishda 99,8 mingta tadbirkorlik sub’ekti QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida 50 mingta, xizmat ko‘rsatish sohasida esa 42,9 mingta QQS to‘lovchisi faoliyat yuritmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, QQS to‘lovchilari sonining eng yuqori o‘sish sur’atlari ham ayrim tarmoqlarda qayd etilgan. Xususan, savdo sohasida o‘sish 29,7 foizni, xizmat ko‘rsatish sohasida 27,5 foizni, axborot va aloqa sohasida esa 18,2 foizni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, QQS to‘lovchilari sonining ortishi mamlakatda tadbirkorlik muhitining yaxshilanayotgani, iqtisodiy faollikning kengayishi hamda biznes sub’ektlarining rasmiy sektorga jalb etilayotganidan dalolat beradi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA