O‘zbekistonda qanday o‘g‘irliklar sodir etilmoqda?
Yoki qaysi hududlarda bunday jinoyatlar ko‘proq yuz bermoqda?
Odamlar tinch va xotirjam yashashi uchun himoya imkoniyatlari ortib bormoqda. Birgina videokuzatuv tizimlari ko‘paytirilgani jinoyatlarning oldini olishga yoki sodir bo‘lgan jinoyatlarni “issiq izidan” ochishga ko‘maklashmoqda.
Biroq, afsuski, bu chora jinoyatlarga butunlay barham berganicha yo‘q. Chunki hali-hamon bosqinchilik, o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilmoqda.
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan savdo do‘konidan noma’lum shaxs 21,5 million so‘mlik texnika vositalarini o‘g‘irlab ketgan. Tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan gumonlanuvchining shaxsini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilib, tez orada muqaddam sudlangan 35 yoshli A.D. qo‘lga olindi.
Chilonzor tumanida esa noma’lum shaxs ko‘p qavatli uy oldidagi avtoturargohda turgan beshta avtomashina oynasini sindirib, ulardan birining salonidan videoregistrator va pullarini o‘g‘irlab ketgan. Voqea joyidan olingan barmoq izlarini o‘rganish natijasida bu ishni 48 yoshli A.T. sodir etgani aniqlandi.
Qashqadaryo viloyatidagi to‘yxonalardan birida esa bir fuqaroning 943 ming so‘m puli o‘g‘irlangan. Tezkor olib borilgan tadbir natijasida bu qilmishni fuqaro Q.M. sodir etgani fosh etildi.
Toshkent shahridagi xonadonlardan biriga esa 39 yoshli Q.Yu. kalit tanlash yo‘li bilan kirib, 1,4 ming AQSH dollari va 45 million so‘mlik tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab ketgan. Mazkur o‘g‘irlik jinoyatlari ochilib, aybdorlarga tegishli jazolar tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasiga ko‘ra, o‘g‘irlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima, uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolar tayinlanadi.
Mazkur jinoyat uchun beriladigan jazo og‘irlik darajasiga qarab og‘irlashib boradi, albatta. Eng og‘ir o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganlar o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligi saytidagi ochiq ma’lumotlarda 2022 yilda 72 mingga yaqin jinoyat ro‘yxatga olingani qayd etilgan.
Vazirlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, sodir etilgan jinoyatlarning 22,9 foizini o‘g‘irlik jinoyati tashkil etgan.
O‘g‘irliklarga oid statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning 20 foizi xonadonlarda sodir bo‘lgan. 6,8 foizi savdo shoxobchalarida yuz bergan bo‘lsa, 6,1 foizi hayvon o‘g‘irlash, 8,4 foizi avtotransport vositalarini o‘g‘irlash, 3,7 foizini kissavurlik tashkil etgan.
O‘g‘irliklarning 17,6 foizi esa telefon, 5,5 foizi velosiped o‘g‘irligidan iborat. 23,3 foiz o‘g‘irlik esa axborot texnologiyalari vositasida amalga oshirilgan.
Eng ko‘p bunday jinoyatlar Toshkent shahrida, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida sodir etilishi kuzatilgan.
Norgul Abdurimova,
O‘zA