O‘zbekistonda Kreativ sanoat parki taqdim etildi
Prezident qarori – amalda
Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mamlakatdagi kreativ sohalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yirik davlat tashabbusi – Kreativ sanoat parki taqdim etildi.
Mazkur park O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi kreativ iqtisodiyotni shakllantirish va ijodkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratishdan iborat. Tadbirda park rassom, dizayner, musiqachi, rejissyor va tadbirkorlarga imtiyozlar, infratuzilma va bozorlarga chiqish imkoniyatlarini taqdim etishi tushuntirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kreativ sanoat parki beshta asosiy yo‘nalishdan iborat yaxlit tizim sifatida ishlaydi. Ular qatoriga imtiyozli huquqiy va soliq rejimi, raqamli ro‘yxatdan o‘tish platformasi, ijodiy maydonlar va klasterlar tarmog‘i, professional hamjamiyat va xalqaro hamkorlik, shuningdek, bozorlar va eksport imkoniyatlari kiradi.
Jamg‘armaning O‘zAga ma’lum qilishicha, tashabbus 15 ta yo‘nalishdagi 142 ta iqtisodiy faoliyat turini qamrab olgan. Bularga dizayn, moda va arxitektura, media va nashriyot, reklama va marketing, kino, musiqa va ijro san’ati, hunarmandchilik, muzey ishlari hamda raqamli texnologiyalar kiradi.
Park rezidenti maqomini olish uchun ishtirokchilar daromadining kamida 80 foizi aynan shu kreativ yo‘nalishlardan shakllanishi talab etiladi. Bu esa imtiyozlardan faqat haqiqiy ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar foydalanishini ta’minlaydi.
Rezidentlar imtiyozli soliq sharoitlari, soddalashtirilgan raqamli boshqaruv tizimi, shuningdek, ijodiy xablar, ishlab chiqarish maydonlari va hududiy klasterlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ularda g‘oyadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq siklni amalga oshirish, shuningdek, ta’lim va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish mumkin.
Kreativ sanoat parki infratuzilmasi butun respublika bo‘ylab rivojlantiriladi. Jumladan, Toshkent shahri Forobiy ko‘chasida joylashgan markazda biznes, ta’lim va madaniy maydonlar birlashtiriladi. “Yangi Toshkent” hududida esa ishlab chiqarish va ijodiy muhit shakllantiriladi.
Shuningdek, Nukus shahridagi “Istiqlol” bog‘i zamonaviy ko‘p funksiyali madaniyat markaziga aylantiriladi. Bu yerga O‘zbekistonning “EXPO 2025” dagi milliy paviloni ham ko‘chiriladi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur park O‘zbekistonda kreativ sohani to‘laqonli iqtisodiy tarmoqqa aylantirish, milliy g‘oyalarni xalqaro bozorga olib chiqish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA