O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yangi raqamli modeli shakllanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi “"Raqamli hukumat" tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatda davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilishning yangi bosqichini boshlab bermoqda. "Raqamli O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida qabul qilingan mazkur hujjat davlat boshqaruvining yagona raqamli ekotizimini shakllantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash hamda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan raqamli davlat xizmatlarini yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.
Qaror bilan 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan aniq vazifalar, mas’ul tashkilotlar va "yo‘l xaritalari" tasdiqlangan bo‘lib, bu mamlakatda raqamli davlat boshqaruvini izchil rivojlantirish va davlat xizmatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma – yangi yondashuv asosi
Zamonaviy raqamli davlat boshqaruvini yagona integratsiyalashgan raqamli infratuzilmasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bugungi kunda ko‘plab davlat organlari o‘zaro integratsiyalashmagan axborot tizimlaridan foydalanmoqda. Bu esa ma’lumotlarning takrorlanishiga, idoralararo axborot almashinuvining qiyinlashishiga hamda ma’lumotlarni qayta ishlash muddatlarining uzayishiga sabab bo‘lmoqda.
Prezident qarorida davlat axborot tizimlarini yagona raqamli muhitga birlashtiradigan Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani yaratish nazarda tutilgan. Bu davlat organlari axborot tizimlarining samarali o‘zaro hamkorligini ta’minlab, ma’lumotlarni «bir marta kiritish» («Once-Only Principle») tamoyilini hayotga tatbiq etishning huquqiy va texnologik asosini yaratadi. Mazkur tamoyilga ko‘ra, ma’lumotlar bir marta kiritiladi va barcha vakolatli davlat organlari tomonidan takroran so‘ralmasdan foydalaniladi.
Fuqaro uchun nimalar o‘zgaradi?
Qarorning ustuvor yo‘nalishi – inson manfaatlarini ta’minlash. Uning amalga oshirilishi davlat organlariga bir xil hujjatlarni qayta-qayta taqdim etish zaruratini qisqartiradi, idoralararo ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtiradi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini tezlashtiradi, elektron davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytiradi hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada sodda va qulay qiladi.
«Raqamli hokimlik» va sun’iy intellekt: ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv
Qarorning ustuvor yo‘nalishlaridan biri zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv tamoyillariga tayanuvchi «Raqamli hokimlik» dasturiy kompleksini joriy etishdan iborat. Uning amalga oshirilishi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini doimiy monitoring qilish, geoma’lumotlar asosida tahlil o‘tkazish, mahallalar kesimidagi muammolarni tezkor aniqlash hamda sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahliliy materiallar tayyorlash imkonini beradi.
Qarorda davlat boshqaruviga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, intellektual tahlil, avtomatik prognozlash, raqamli yordamchilar, «Hokimning virtual assistenti» va tahliliy panellar (dashbordlar) kabi zamonaviy yechimlarni amaliyotga tatbiq etish nazarda tutilgan. Bu esa davlat organlarining tahliliy salohiyatini kengaytiradi, ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv samaradorligini oshiradi hamda boshqaruv qarorlarini tayyorlash va qabul qilish jarayonining sifati va tezkorligini yanada yuksaltiradi.
Kiberxavfsizlik – raqamli davlatning mustahkam poydevori
Raqamli davlatni barpo etish ishonchli axborot va kiberxavfsizlik tizimisiz samarali amalga oshmaydi. Shu bois Prezident qarorida zamonaviy kiberhimoya vositalarini joriy etish, ma’lumotlarni shifrlash, himoyalangan ma’lumotlarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, xavfsizlik monitoringi tizimlarini (SOC) takomillashtirish, xalqaro standartlar asosida audit o‘tkazish hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
Ushbu chora-tadbirlar davlat raqamli infratuzilmasining barqarorligini mustahkamlaydi, davlat axborot resurslari va fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.
Davlat ma’lumotlari – yagona raqamli muhit sari
Zamonaviy raqamli davlat boshqaruvida ma’lumotlar strategik resurs sifatida qaraladi. Shu bois qarorda davlat axborot tizimlarini Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilish nazarda tutilgan.
Bu davlat reyestrlari hamda turli davlat organlarining axborot tizimlari o‘rtasida yagona raqamli muhitda ma’lumotlar almashinuvini ta’minlaydi, ma’lumotlarning takrorlanishini kamaytiradi, idoralararo hamkorlikni mustahkamlaydi va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun mustahkam zamin yaratadi.
2028-yilgacha qanday natijalarga erishish ko‘zda tutilgan?
Prezident qarorida 2028-yilgacha raqamli davlat boshqaruvini rivojlantirishning aniq maqsadli yo‘nalishlari belgilangan. Ular davlat organlarining kamida 5 mingta ma’muriy funksiyasini raqamlashtirish, davlat axborot tizimlarini Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilish, sun’iy intellekt asosida raqamli xizmatlarni joriy etish, boshqaruv qarorlarini qo‘llab-quvvatlovchi tahliliy tizimlardan foydalanishni kengaytirish, elektron hujjat aylanmasini yanada takomillashtirish hamda davlat xizmatlari sifatini oshirishni nazarda tutadi.
Qarorning strategik va huquqiy ahamiyati
Prezident qarori davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilishning yangi bosqichiga asos solib, davlat organlarining o‘zaro integratsiyalashmagan axborot tizimlaridan yagona raqamli ekotizimga bosqichma-bosqich o‘tishini nazarda tutadi. Bunday yondashuv ma’lumotlar takrorlanishini kamaytirish, idoralararo o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish hamda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv tamoyillarini izchil joriy etish uchun xizmat qiladi.
Huquqiy nuqtai nazardan mazkur qaror davlat axborot tizimlarini boshqarishning yangi institutsional modelini shakllantiradi. U davlat axborot resurslarini integratsiya qilish, davlat organlarining raqamli o‘zaro hamkorligi, ma’lumotlarni qayta ishlash va kiberxavfsizlikni ta’minlashning yagona yondashuvlarini belgilab, mamlakatda raqamli davlat boshqaruvini izchil rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam
Raqamli davlatni rivojlantirish nafaqat davlat boshqaruvini takomillashtirishga, balki raqamli iqtisodiyotning institutsional asoslarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda BMT ekspertlari ta’kidlaganidek, davlat sektorida raqamli platformalarni joriy etish davlat xizmatlari sifatini oshiradi, boshqaruv xarajatlarini optimallashtiradi va resurslardan samarali foydalanish imkonini kengaytiradi.
Shu nuqtai nazardan, Prezident qarorida nazarda tutilgan Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani joriy etish davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini qisqartirish, ma’lumotlarni takroran yig‘ish bilan bog‘liq ortiqcha jarayonlarni bartaraf etish, idoralararo avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini ta’minlash hamda ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda GovTech konsepsiyasi davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Qarorda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda GovTech ekotizimini rivojlantirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda raqamli iqtisodiyotning institutsional poydevorini mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Xalqaro tajriba – raqamli transformatsiyaning muhim yo‘nalishi
Prezident qarorida Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani loyihalash bosqichining o‘zidayoq Jahon banki bilan hamkorlikda yetakchi xalqaro konsalting kompaniyalarini (Big4) jalb etish nazarda tutilgani alohida e’tiborga loyiq. Bu raqamli davlat infratuzilmasini yaratishda ilg‘or xalqaro tajriba, zamonaviy arxitekturaviy yechimlar va yuqori malakali ekspertlik salohiyatiga tayanishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Qarorning o‘zida ham xalqaro tajribani o‘rganishga alohida e’tibor berilgan. Xususan, uni amalga oshirish mexanizmlaridan biri sifatida xorijiy tajribani, jumladan, Finlyandiya tajribasini o‘rganish belgilangan. Bu mamlakatimizda raqamli davlatni rivojlantirishda ilg‘or xorijiy yondashuvlarni milliy sharoit, davlat boshqaruvi tizimi va huquqiy muhit xususiyatlarini hisobga olgan holda tatbiq etishga ustuvor ahamiyat berilayotganini anglatadi.
Finlyandiya inson manfaatlariga yo‘naltirilgan raqamli davlat xizmatlari, davlat ma’lumotlarini samarali boshqarish hamda raqamli ishonch muhitini shakllantirish sohasida jahonda yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, Estoniyaning «Once-Only» tamoyili, Singapurning «Whole-of-Government» modeli hamda Koreya Respublikasining davlat boshqaruvida sun’iy intellekt va raqamli platformalarni keng qo‘llash tajribasi ham xalqaro miqyosda muhim yo‘nalishlar sifatida e’tirof etiladi. Prezident qarorida nazarda tutilgan chora-tadbirlar ana shu zamonaviy tendensiyalar bilan uyg‘unlik kasb etadi.
Xalqaro reytinglar nuqtai nazaridan
Qarorda belgilangan vazifalar raqamli davlat boshqaruvini baholashning zamonaviy xalqaro yondashuvlari va mezonlariga mos keladi.
Jumladan, BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (E-Government Development Index – EGDI) mamlakatlarni raqamli davlat xizmatlari, telekommunikatsiya infratuzilmasi va inson kapitali darajasi bo‘yicha baholaydi. Qarorda nazarda tutilgan Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani yaratish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish hamda elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish mazkur ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning Digital Government Policy Framework hujjati davlat boshqaruvida ma’lumotlarga asoslangan yondashuv, idoralararo integratsiyalashgan hamkorlik, foydalanuvchi manfaatlariga yo‘naltirilganlik hamda raqamli innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni ustuvor tamoyillar sifatida belgilaydi. Qarorda nazarda tutilgan yagona raqamli platformani yaratish, «Raqamli hokimlik» dasturiy kompleksini joriy etish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ushbu yondashuvlar bilan to‘la uyg‘unlik kasb etadi.
Shuningdek, Jahon bankining GovTech Maturity Index (GTMI) davlat xizmatlarini raqamlashtirish darajasi, asosiy davlat raqamli platformalari, fuqarolar bilan raqamli muloqot hamda GovTech sohasining institutsional rivojlanishini baholaydi. Qarorda belgilangan chora-tadbirlar mazkur yo‘nalishlarni kompleks qamrab oladi. Shu nuqtai nazardan, mazkur hujjat mamlakatda raqamli transformatsiyaning huquqiy va institutsional asoslarini yanada mustahkamlashga, shuningdek, O‘zbekistonning raqamli davlat boshqaruvi bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Inson manfaatlari – raqamli transformatsiyaning bosh mezoni
Mazkur qarorning eng muhim jihati shundaki, unda raqamlashtirish inson hayoti sifatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim vosita sifatida qaraladi. Elektron davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish hamda davlat organlariga bir xil hujjatlarni qayta-qayta taqdim etish zaruratini bartaraf etish aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat bilan o‘zaro munosabatlarini yanada sodda va qulay qiladi.
«Raqamli hokimlik» dasturiy kompleksining joriy etilishi mahalliy darajadagi muammolarni tezkor aniqlash, resurslarni yanada samarali taqsimlash hamda aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi boshqaruv qarorlarini ma’lumotlarga asoslangan holda qabul qilish imkonini beradi. Bu «Inson qadri uchun» tamoyilining amaliy ifodasiga aylanadi.
Shu tariqa, qaror davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, raqamli texnologiyalar avvalo inson manfaatlari va farovonligiga xizmat qilishiga qaratilgan yondashuvni mustahkamlaydi.
Prezidentning 2026-yil 8-iyuldagi «Raqamli hukumat» tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatda raqamli davlatning zamonaviy institutsional modelini shakllantirishga qaratilgan izchil huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Qarorda inson manfaatlari, ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv, ilg‘or xalqaro yondashuvlarni milliy sharoitga mos tatbiq etish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarning o‘zaro uyg‘unligi uning mamlakatda raqamli davlat boshqaruvini rivojlantirishdagi strategik ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
Akramjon Karimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori v.b.