O‘zbekistonda 4.6 mln tonna paxta hirmoni qad rostladi
22-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 4 million 630 ming tonna paxta hosili yig‘ib olindi. Terim rejasi 103 foizga bajarildi.
2026-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida mamlakatimiz dehqonlari salmoqli natijaga erishdi. Odatda mavsumning yakuniy bosqichida qayd etiladigan yuqori ko‘rsatkichga oktabr oyining ikkinchi yarmidayoq erishilgani paxtachilik sohasidagi muhim natijalardan biri bo‘ldi.
Joriy yil 22-oktabr holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 4 million 630 ming tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Bu belgilangan rejaning 103 foizini tashkil etadi. Mazkur natija fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, mexanizatorlar va mavsumda ishtirok etayotgan minglab mehnatkashlarning sa’y-harakatlari samarasidir.
Paxta terimida zamonaviy texnikalardan foydalanish hajmi ham yuqori bo‘lmoqda. Hozirga qadar 3 million 515 ming 597 tonna paxta terim mashinalari yordamida yig‘ib olingan. Buning uchun qariyb 3 mingta zamonaviy paxta terish mashinasi jalb etildi.
Respublika bo‘yicha paxta terimini mexanizatsiyalashtirish darajasi o‘rtacha 76 foizni tashkil etdi. Hududlar kesimida esa Jizzax viloyatida bu ko‘rsatkich 98,5 foizga, Sirdaryo viloyatida 94,2 foizga, Toshkent viloyatida 81,2 foizga yetdi. Umuman, viloyatlarda mexanizatsiyalashtirish darajasi 61 foizdan 98,5 foizgacha bo‘ldi.
Ayni paytda dalalarda paxta terimi davom etmoqda. Jumladan, 49 ming gektardan ziyod maydonda birinchi terim ishlari amalga oshirilib, yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda va nobudgarchiliksiz yig‘ib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu yilgi mavsumda erishilgan natijalarda zamonaviy agrotexnologiyalar, mexanizatsiyalashtirish, ilmiy ishlanmalar va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yil davomida mamlakat hududlarida tashkil etilgan amaliy seminarlar, olimlarning izlanishlari hamda ilmiy tavsiyalar asosida olib borilgan ishlar sohadagi samaradorlikni oshirishga xizmat qildi.
Qishloq xo‘jaligida ilm-fan yutuqlaridan foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va zamonaviy texnikalarni keng joriy etish paxtachilik salohiyatini yanada yuksaltirishning muhim omillaridan hisoblanadi.
4,6 million tonnadan ziyod paxta hosilining yig‘ib olinishi mavsumdagi muhim natija bo‘lib, endi asosiy e’tibor dalalarda qolgan hosilni sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ib olishga qaratiladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA