O‘zbekiston – Yevropa munosabatlari O‘zA nigohida
O‘zbekiston va Yevropa mintaqasi o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro ishonch, umumiy manfaatlar va uzoq muddatli strategik sheriklik tamoyiliga asoslangan. Mazkur jarayon nafaqat iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, balki mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, global muammolarni birgalikda hal etishda ham muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan o‘lkamiz va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi munosabatni tahlil qilish, mavzuning asosiy yo‘nalishlari va istiqbolini o‘rganish alohida ahamiyatga ega.
Parlament diplomatiyasi va demokratik hamkorlik rivojlanmoqda

Shvetsiyaning Stokgolm shahrida O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nurimbetov Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti (International IDEA) bosh kotibi Kevin Kasas-Samora bilan uchrashdi. O‘zaro muloqot chog‘ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, parlamentarizm va demokratik institutlar rolining ortib borayotgani hamda bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar “Inter Pares” dasturi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qayd etib, “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatida parlamentlararo almashinuvni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Uchrashuv yakunida parlament diplomatiyasini rivojlantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va tinchlikni ilgari surishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Suv resurslarini boshqarishdagi yangicha yondashuvlar e’tirof etilmoqda

Vengriyaning “Daily News Hungary” nashrida O‘zbekistonda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usullari keng qo‘llanilayotgani qayd etilgan.
Maqolada “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida 2028-yilga qadar 3,5 million gektar yerda shunday texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgani ta’kidlanib, bu jarayon o‘lkada suvdan oqilona foydalanishda yangi bosqichni boshlab berayotgani alohida tilga olingan.
O‘zbek bolalar adabiyoti xalqaro maydonda keng targ‘ib etilmoqda

Berlin shahrida o‘tkazilgan II xalqaro bolalar kitob yarmarkasida O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan o‘zbek bolalar adabiyoti keng namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ta’kidlanishicha, “Kelajakni birga quramiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda 30 dan ortiq mamlakat ishtirok etgan. Yarmarka doirasida “Xo‘ja Nasriddinning quvnoq latifalari” kitobi taqdimoti, interaktiv mutolaa dasturlari va madaniy chiqishlar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. E’tiborlisi, yig‘in o‘zbek adabiyotini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, yangi hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish va Germaniyadagi vatandoshlar farzandlarini ona tilidagi kitoblar bilan tanishtirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston-Chexiya: sanoat investitsiyalari bo‘yicha yangi kelishuvlar imzolandi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiyaning Chexiya Respublikasiga tashrifi doirasida hukumat va yirik kompaniyalar rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda mashinasozlik, geologiya va tog‘-kon sanoati, kimyo va farmatsevtika, energetika sohalari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Tomonlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlash va energiya tejamkorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha kelishib oldilar. Shuningdek, moliyalashtirishni kengaytirish, kooperatsiyani rivojlantirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Ayni paytda yurtimizda Chexiya sarmoyasi ishtirokida 44 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA