O‘zbekiston-Yaponiya ipakchilik sohasida hamkorlik rivojlanmoqda
Poytaxtimizda «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi raisi R. Abdullayev Yaponiyaning «Trust Engineering Partners Co., Ltd.» kompaniyasi katta maslahatchisi Takefumi Mayumi hamda «Yachiyo Engineering Co., Ltd.» kompaniyasi qurilish va xaridlarni boshqarish bo‘yicha bosh menejeri Tatsuya Kobayashi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ipakchilik sohasidagi hamkorlik uzoq tarixga ega bo‘lib, so‘nggi yillarda yangi strategik va texnologik bosqichga ko‘tarildi. Ikki mamlakat ushbu sohada xomashyo yetishtirishdan tortib, yuqori texnologiyalarni joriy etish va tayyor mahsulotlarni eksport qilishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimizda ipak ishlab chiqarish hajmini oshirish, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va Yaponiya tomoni bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Yaponiya tomoni O‘zbekistonda ipak ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Yaponiya hukumatiga taklif sifatida tayyorlanayotgan loyiha doirasida zamonaviy uskunalarni yetkazib berish, ipak yigiruv fabrikasini tashkil etish, ularni o‘rnatish hamda mutaxassislarni o‘qitish ko‘zda tutilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirish va loyiha bo‘yicha keyingi bosqichlarni birgalikda muhokama qilishga kelishib oldi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA