O‘zbekiston – yagona va ahil oila
Mamlakatimizdagi o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti xalqaro miqyosda ibrat olishga arzigulik namuna sanaladi.
Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan Bag‘rikenglik haftaligi doirasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston – yagona va ahil oila” mavzusida bo‘lib o‘tgan madaniy-ma’rifiy tadbirda ayni jihatlarga e’tibor qaratildi.
Tadbir avvalida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan yaratilgan “Do‘stlikni tarannum etgan yurt” nomli maxsus hujjatli videofilmning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Valeriy Tyan millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Darhaqiqat, mazkur qo‘mita turli millat va elat vakillarini Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalqimiz farovonligi kabi ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirish, mamlakatimizdagi o‘zaro do‘stona va ahil, hamjihat muhitni mustahkamlash, yoshlarni yurt taqdiri uchun daxldordir ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqda. Yurtimiz uzra ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotgan Bag‘rikenglik haftaligi buning yana bir amaliy tasdig‘idir.

Milliy madaniy markazlar ijodiy jamoalar tomonidan bayram dasturi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Jonajon O‘zbekistonimiz, mustaqilligimiz, do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, rang-barang konsert dasturi tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Qayd etish joiz, bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA