O‘zbekiston xorij matbuoti sahifalarida
Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi – “WAM” sahifalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni mamlakatimizning oltita hududida 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etgani haqida maqola chop etildi.
Maqolada ushbu muhim investitsiya loyihalarning hamkorlari bo‘lgan “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamol Al-Ramahiy, BAAning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Said Matar Sulton As-Siri Al-Qamzi va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgani yoritilgan.
“Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 megavatt bo‘lgan uchta zamonaviy fotoelektr stansiyasini barpo etish loyihasi yakunlangani, shuningdek, Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 megavattlik shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazilgani ta’kidlangan.
Muallif Prezidentimizning shu munosabat bilan so‘zlagan nutqida BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam va uzoq muddatli do‘stlik va hamkorlik munosabatlariga, jumladan, sarmoya kiritish va qayta tiklanadigan energiya loyihalarini rivojlantirishga yuksak baho berganini, bu sohadagi kelgusi rejalarga to‘xtalib o‘tganini alohida e’tirof etgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA