O‘zbekiston — Xitoy turizm forumi o‘z ishini boshladi
Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilayotgan “III O‘zbekiston — Xitoy hududlararo forumi” doirasida turizm sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan nufuzli forum bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov boshchiligida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 40 dan ortiq yetakchi turistik kompaniya, turizm-rekreatsion zonalar, sayyohlik majmualari va aviakompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, “III O‘zbekiston — Xitoy hududlararo forumi”ning beshta sessiyasidan birining aynan turizm masalalariga bag‘ishlangani ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikda mazkur sohaning ahamiyati tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Turizm qo‘mitasi raisi o‘z nutqida xitoylik sayyohlar uchun yangi va jozibador turistik yo‘nalishlarni kengaytirish, Xitoyning o‘rta va yuqori segmentdagi brendlari asosida mehmonxonalar ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, O‘zbekistonning turizm hududlarida kurortlar, sanatoriylar, faol va oilaviy dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Shu bilan birga, Xitoyning ilg‘or texnologiyalari va boy tajribasidan foydalangan holda tematik bog‘lar va ko‘ngilochar majmualar barpo etish, yirik xalqaro tadbirlarni O‘zbekistonga jalb qilish hamda mamlakat hududlarida MICE turizm infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Forum doirasida O‘zbekistonning boy turizm salohiyati va hududlar imkoniyatlarini namoyon etuvchi taqdimotlar ham o‘tkazildi. Xususan, Buxoroning tarixiy-madaniy merosi, Qashqadaryo viloyatining ekoturizm va ziyorat turizmi imkoniyatlari, Samarqandning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining zamonaviy turistik infratuzilmasi haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, Miraki dam olish maskani, Arda Xiva turistik majmuasi, Aydarko‘l hududidagi ekoturizm yo‘nalishlari hamda Amirsoy Mountain Resort tog‘-chang‘i kurortining imkoniyatlari xorijiy ishtirokchilarga tanishtirildi.

Taqdimotlar davomida mehmonlarga O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi turistik marshrutlar, zamonaviy mehmonxona va servis xizmatlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Forum yakunida ikki mamlakatning 200 dan ortiq turoperatorlari va turizm sohasi vakillari ishtirokida B2B uchrashuvlari tashkil etildi. Unda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish hamda mamlakatimizning turizm va investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA