O‘zbekiston – Xitoy: qo‘shma ilmiy markaz tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi
Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoyning “POWERCHINA Huadong Engineering Corporation Limited” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Mazkur kelishuv doirasida asosiy e’tibor qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish, innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish hamda zamonaviy energetika texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, hamkorlik orqali xalqaro grant va moliyaviy dasturlarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, sohadagi ilmiy salohiyatni birlashtirish hamda texnologiyalar transferi mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Loyiha doirasida mutaxassislar malakasini oshirish, tajriba almashish, energetika tizimlarini raqamlashtirish va intellektual energiya yechimlarini rivojlantirish bo‘yicha ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish hamda xalqaro konferensiya va forumlarda faol ishtirok etish orqali yangi tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Institut xabariga ko‘ra, memorandum ikki tomon o‘rtasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda barqaror energetika rivojiga xizmat qiladigan strategik hamkorlikni yanada kengaytirishga zamin yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA