O‘zbekiston–Xitoy investitsiya forumi: hamkorlikning yangi bosqichi
FOTOREPORTAJ
Avval xabar qilinganidek, Surxondaryo viloyatining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan «O‘zbekiston (Surxondaryo) – Xitoy» investitsiya forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Surxondaryo viloyatidagi «Termiz xalqaro savdo markazi» erkin savdo zonasi hududida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Xitoy va Afg‘oniston hukumatlari vakillari, Xitoyning 120 dan ortiq hamda Afg‘onistonning 50 ga yaqin kompaniyalari delegatsiyalari, shuningdek, mingdan ziyod mahalliy tadbirkor va mutasaddilar ishtirok etdi.
[gallery-30913]
Forum doirasida qatnashchilar «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishib, mamlakatimiz, xususan, Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlar, mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish quvvati va eksport imkoniyatlari haqida ma’lumot oldi.
Tadbir doirasida xorijiy va mahalliy ishbilarmonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xitoy va Afg‘oniston biznes vakillari, Termiz shahri va viloyat tumanlari hokimlari, mahalliy tadbirkorlar ishtirokida G2B va B2B formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mahalliy mahsulotlar eksportini oshirish hamda ishbilarmonlar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA