O‘zbekiston vakillari Global Startup Awards finalida ikkita g‘oliblikni qo‘lga kiritdi
Malta poytaxti Valettada “EU-Startups” sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan “Global Startup Awards Grand Finale”da O‘zbekiston vakillari ikki yo‘nalishda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 54 dan ortiq mamlakati vakillari ishtirok etgan xalqaro maydonda ushbu natija O‘zbekiston startap ekotizimi uchun tarixiy yutuq sifatida qayd etildi.
Global Startup Awards – startaplar, founderlar, investorlar va ekotizim yetakchilarini global miqyosda tan oluvchi yirik xalqaro platformalardan biri. U milliy va mintaqaviy bosqichlar orqali eng kuchli loyihalarni saralab, ularni global finalga olib chiqadi.

Ekspertlar baholashi hamda xalqaro hamjamiyat ovoz berishi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari – Peritech startapi asoschisi Raximaxon Nugmanova “Yil ekotizim qahramoni”, Catextra esa “Yil yashil texnologiyalar startapi” nominatsiyalarida g‘olib deb topildi.
Mazkur muvaffaqiyat 2025-yil sentabr oyida Toshkentda ICT WEEK doirasida, IT Park qo‘llab-quvvatlovi bilan o‘tkazilgan Global Startup Awards Central Asia mintaqaviy finalining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Aynan ushbu bosqich Markaziy Osiyo startaplari uchun xalqaro sahnaga chiqish, investorlar va ekotizim vakillari e’tiborini jalb qilish imkonini yaratdi.
Qayd etish kerak, Catextra xalqaro mukofotga ega bo‘lishi O‘zbekistonda ekologik innovatsiyalar, barqaror rivojlanish va yashil texnologiyalar sohasida yaratilayotgan yechimlar xalqaro maydonda ham dolzarb ekanini ko‘rsatdi.
Catextra – to‘qimachilik sanoatida shaffoflik, izchillik va mas’uliyatli ishlab chiqarish tamoyillarini rivojlantirishga qaratilgan platforma. Startap ishlab chiqaruvchilarga ta’minot zanjirining har bir bosqichini xaritalash, tekshirish va kuzatish imkonini beruvchi vositalarni taqdim etadi.
O‘zbekiston vakillarining birdaniga ikki global nominatsiyada e’tirof etilishi mahalliy startaplarning xalqaro bozorda raqobatlasha olishini ko‘rsatdi. Bu natija investorlar, texnologik hamkorlar va xalqaro ekotizim vakillari uchun O‘zbekiston bozorining salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA