O‘zbekiston va Yaponiya tinch atom sohasida hamkorlikni kengaytiradi
“O‘zatom” agentligida Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI), Metall va energetika xavfsizligi tashkiloti (JOGMEC) hamda “ITOCHU Corporation” kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligining Yadro energetikasi sohasida xalqaro hamkorlik ofisi direktori o‘rinbosari, delegatsiya rahbari Abe Eymitsu so‘zga chiqib, energetika xavfsizligini mustahkamlash, yadro texnologiyalarini rivojlantirish va ushbu yo‘nalishda tajriba almashish, shuningdek, istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuvda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, yadro texnologiyalari va u bilan bog‘liq tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, tomonlar mavjud hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish, yangi yo‘nalishlarda amaliy aloqalarni kengaytirish va o‘zaro tajriba almashish muhimligini ta’kidladi. Bu borada ikki davlatning sohadagi salohiyati va mavjud hamkorlik tajribasi yangi loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
– Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va energetika sohasini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlarni yuksak qadrlaymiz. Yaponiya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlar asosida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish borasida samarali muloqot va hamkorlikni davom ettirishga tayyor, – dedi Abe Eymitsu.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA