O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston–Turkmaniston yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti Markaziy Kengashi raisiً Yazpo‘lat Keriyev so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni tabrikladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, ushbu munosabatlarni yanada mustahkamlash, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda istiqbolli tashabbus va loyihalarni ilgari surish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Forum doirasida delegatsiya a’zolari Xorazm viloyatida yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Olimpiya mahallasida yangidan barpo etilgan Sun’iy intellekt maskani, Vatanparvarlik maskani, Uch avlod bog‘i, Aqlli ustun, Boshqaruv servis kompaniyasi, novvoyxona hamda buyurtmalar markazlari faoliyati bilan tanishib, hududda aholiga va yoshlarga yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.
– Tashrifimiz davomida Al-Xorazmiy majmuasi joylashgan Urganch shahar Yoshlar markazi binosi, uning faoliyati hamda amalga oshirilayotgan loyihalari bilan tanishdik, – deydi Turkmaniston yoshlar kengashi bosh mutaxassisi Abat Muhammedova. – Shuningdek, zamonaviy DATA ta’lim stansiyasi faoliyati ham bizda katta taassurot qoldirdi. “LuxFabric” tikuv fabrikasining ishlab chiqarish faoliyati va yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlari bilan ham yaqindan tanishdik.
Yoshlar forumi doirasida ikki mamlakatning yoshlar bilan ishlash sohasidagi tajribasi, amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan taqdimotlar va muloqotlar tashkil etildi.
[gallery-31036]
Mazkur tashrif hamda O‘zbekiston – Turkmaniston yoshlari forumi qardosh yoshlar o‘rtasida tajriba almashish, ilg‘or loyihalarni o‘rganish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari