O‘zbekiston va Turkiya: xavfsizlik sohasidagi hamkorlik yangi bosqichda (+video)
Bugungi kunda jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish va zamonaviy tahdidlarga munosib javob qaytarishda xalqaro hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi hamda Turkiya Jandarmeriyasi o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, amaliyotga yo‘naltirilgan yangi bosqichga chiqmoqda.
Shu munosabat bilan Turkiya Jandarmeriyasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari Milliy gvardiya markaziy devonida munosib kutib olindi. Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xizmat faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, xususan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro forum yodga olinib, ushbu tadbir jahon hamjamiyatini giyohvandlik illatiga qarshi birlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvlar samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar davlatimiz rahbari e’tiborida bo‘lgan Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetida bo‘lib, mazkur muassasada yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim tizimi va joriy etilgan ilg‘or yondashuvlar, shu jumladan kursantlarni o‘qitishdagi xalqaro hamkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, zamonaviy tajribaga o‘z vaqtida ega bo‘lish tizimni takomillashtirishning eng muhim bosqichlaridan biri ekani ta’kidlab o‘tildi.
Shundan so‘ng mehmonlar bugungi kunda dunyo hamjamiyati nigohiga tushgan va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti namunasiga aylangan poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, ko‘hna va boqiy Samarqand shahridagi Imom al-Buxoriy majmuasi, shuningdek, dunyoga mashhur tarixiy obidalar va me’moriy yodgorliklar bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashrif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/sMbte5VMdrs?si=3U79_dvg0ggbw4rf" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (montaj),
O‘zA