O‘zbekiston va Turkiya ta’lim forumi
Samarqand shahrida O‘zbekiston va Turkiya ikkinchi ta’lim forumi o‘tkazilmoqda.
Forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Odil Abdurahmonov, Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari turli sohalarda, jumladan, oliy ta’lim bo‘yicha ham rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
[gallery-14555]
Forum shu’balarga bo‘lingan holda belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z ishini davom etttirdi. Unda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, talabalar almashinuvi dasturlari, qo‘shma ilmiy loyihalar va boshqa strategik yo‘nalishlarda aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etilmoqda.
Tadbir doirasida O. Abdurahmonovning Turkiya Oliy ta’lim kengashi Erol O‘zvar, Ege universiteti rektori Nejdet Budak, Istanbul texnika universiteti rektori Ismail Koyunju, Hajettepe universiteti rektori Mexmet Jaxit Guran bilan ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, forum davomida memorandum va “Yo‘l xarita”sini imzolash hamda forum rezolyutsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari