O‘zbekiston va Tojikiston universitetlari o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Xususan, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan tashabbuslar ikki davlat munosabatlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III forumi doirasida ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni nazarda tutuvchi qator hujjatlar imzolandi.

Forum davomida 60 dan ortiq shartnoma, kelishuv va memorandum qabul qilindi.
Imzolangan hujjatlar ikki davlatning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Xususan, oliygohlar o‘rtasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish, xalqaro konferensiya va ilmiy anjumanlarni birgalikda tashkil etish kabi masalalarni qamrab oladi.


Mazkur forum ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy-ta’limiy aloqalarni kengaytirish hamda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA