O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari a’zolarining konstruktiv muloqoti bo‘lib o‘tdi
Qozog‘iston parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir keng ko‘lamli masalalar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Ikki davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Mushtarak tarixiy ildizlar, ma’naviy qadriyatlar va yaxshi qo‘shnichilik an’analariga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikning ahamiyati qayd etildi. Shu ma’noda, O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi o‘tkazilishi ikki mamlakatning ilm-fan namoyandalari va ijodkor ziyolilarining muloqoti uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘p tomonlama formatlarda parlamentlararo hamkorlik, shu jumladan, hududlararo forumlarda birgalikda ishtirok etish faollashgani alohida ta’kidlandi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi buning yorqin dalilidir.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Joriy yilda O‘zbekiston ushbu platformaga raislik qilayotgani hamda navbatdagi yig‘ilishni Buxoro shahrida hamda II Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida XII Yosh parlament a’zolari global forumi ham bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston-Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA