O‘zbekiston va Qozog'iston munosabatlari iqtisodiy hamkorlik hamda ma'naviy mushtaraklik yo'lidan bormoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 11-aprel kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kutib oldi.
Milliy kuy-qo‘shiq va raqslardan iborat tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi. Ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekistonning tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar, xususan, Qozog‘iston bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi aloqalar nafaqat strategik sheriklik, balki chin ma’nodagi ittifoqchilik tamoyillari asosida mustahkamlanmoqda. Bu esa mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashning eng muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhidagi ushbu yaqinlik xalqlarimizning tarixiy va ma’naviy ildizlari mushtarakligiga asoslanadi. Davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli chegaralar do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. Iqtisodiy va madaniy aloqalar izchillik kasb etdi.
Mazkur amaliy tashrif ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik kun tartibini yanada kengaytirish va kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekiston va Qozog‘iston nafaqat iqtisodiy sheriklar, balki umumiy taqdiri va kelajagi bir bo‘lgan, mintaqaviy yaxlitlikni ta’minlovchi qudratli kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.

Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi – naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.
O‘zbek va qozoq xalqlarining dini, ma’naviy qadriyatlari bir. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Qozog‘istonda ham e’zozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.
Ansambl asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, so‘fiylik tarixiga bag‘ishlangan muzey o‘rin olgan.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak qayta ta’mirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mang‘itlar sulolasiga mansub bo‘lgan Buxoro otalig‘i Doniyolbiy qurdirgan madrasa ta’mirlanmoqda.
Tashrif davomida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar avvalida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘tgan yil noyabr oyida Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashdi.
Tovar ayirboshlash barqaror o‘sib, o‘tgan yili 5 milliard dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Transport va logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, to‘siqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildilar.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan, chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilish qat’iyligini bildirdilar.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini o‘tkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish borasida ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi faoliyati bilan tanishdilar.
Mamlakatimizda joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini ularni yagona manzilda jamlagan holda tashkil etishga qaratilgan mahalliy davlat boshqaruvining yangi modeli izchil joriy etilmoqda. Bunday yondashuv idoralar faoliyatining o‘zaro muvofiqlashuvini oshirish, qarorlar qabul qilishni tezlashtirish va aholini o‘ylantirayotgan muammolarni yanada samaraliroq hal qilishga xizmat qiladi.
Viloyat boshqaruvining intellektual o‘zagiga aylangan zamonaviy situatsion markaz Buxoroning yangi ma’muriy markazida tashkil etildi. Bu yerda dastlabki bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa tuzilmalar joylashgan.
Markazda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan tortib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kommunal va transport infratuzilmasi, jamoat xavfsizligi holati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashgacha, umuman, viloyat hayotining barcha jabhalari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida shakllanadi, qayta ishlanadi va tizimli ravishda tahlil qilinadi.
Oliy martabali mehmonga markazning hududlar kesimida vaziyatni kompleks monitoring qilish, muammoli nuqtalarni barvaqt aniqlash, joylardagi ish samaradorligini xolis baholash va belgilangan vazifalarning bajarilishini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha imkoniyatlari aniq misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Shundan so‘ng yetakchilar hokimlik xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Yangi bino zamonaviy ish joylari, majlislar zallari, raqamli infratuzilma bilan jihozlanib, davlat idoralarining samarali va uyg‘un bo‘lib ishlashi uchun barcha zarur qulayliklar ta’minlangan.
Tashrif davomida Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallarining nusxalari ham ko‘rsatildi. Bu O‘zbekistonda aniqlangan, Turkistonda joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy va Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegim maqbaralariga aloqador 1920-1950-yillarga oid qimmatli hujjatlar, chizmalar va fotomateriallardir.

Qardosh qozoq xalqiga va ikki mamlakatning umumiy tarixiga hurmat belgisi sifatida ushbu arxiv hujjatlarining nusxalari Qozog‘iston tomoniga hadya qilindi.
Hozirgi kunga qadar aksariyati ilmiy muomalaga kiritilmagan bu materiallar katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Noyob me’morchilik yodgorliklari bo‘lgan Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralari Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Buxoro shahrining universal sport majmuasida o‘tkazilayotgan “National AI Hackathon” – sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdilar.

Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi.
Yetakchilarga raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi. Xususan, “Raqamli hukumat” tizimi, transport, bojxona, soliq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yechimlarni o‘z ichiga olgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida axborot berildi.
Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplarini qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish ekotizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari “KPI-COM”, “OSON”, “DATOX” va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishdilar hamda ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildilar.
Milliy va xorijiy akseleratorlar, jumladan, “UZUM”, “TBC Bank”, “Aloqabank”, “HUMO”, “UZCARD” faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar tinglandi.
Venchur infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Bank sohasining yutuqlari, xususan, raqamli bank xizmatlari va zamonaviy to‘lov yechimlarining rivojiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlariga xakaton o‘tkazish konsepsiyasi va ishtirokchilarning turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarda mazkur sohaga qiziqishi yuqoriligi, yigit-qizlarning ijodiy salohiyati va sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo‘llashga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori baholandi.
Tashrif yakunida Prezidentlar xakaton ishtirokchilari va startap hamjamiyati vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.
Davlat rahbarlari Buxoro shahrida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishning to‘liq zanjirini yo‘lga qo‘ygan “Nigora” kompaniyasiga tashrif buyurdilar.
Ushbu loyihaning qiymati 35 million dollarni tashkil etib, 2024-yil avgust oyida muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. Bu yerda 840 nafar xodim ish bilan ta’minlangan, ularning aksariyatini ayollar tashkil etadi.

Yaponiya, Italiya, Belgiya va Germaniyadan keltirilgan yuqori texnologik uskunalar xalqaro bozorlarda dadil raqobatlashish hamda har yili 20 million pogon metr tayyor mato va 1 million dona to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini beradi.
Prezidentlarga tayyor kiyim-kechak va matolar namunalari namoyish etildi. “Shoyigul” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar asosan Yevropa mamlakatlariga, xususan, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga eksport qilinmoqda.

Davlat rahbarlari kompaniyaning yillik eksportni 10 million dollarga olib chiqish, ishlab chiqarishni kengaytirish hamda kelgusida sintetik tola va aralash matodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalarini yuksak baholadilar.
Tadbirlar yakunlangach, oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kuzatib qo‘ydi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Zarif KOMILOV,
O‘zA maxsus muxbirlari