O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari ekspertlar nigohida
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Davlat rahbarlari darajasidagi muntazam muloqotlar va qabul qilinayotgan qo‘shma qarorlar bu jarayonga yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
Xususan, so‘nggi oliy darajali uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu maqsadga erishish imkoniyati va mexanizmi ekspertlar tomonidan faol muhokama qilinmoqda.
“Xalqaro minbar” loyihasida ikki mamlakat ekspertlari – O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirov va Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar instituti katta eksperti Valeriy Sitenko o‘zaro munosabat va Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat xususida fikr yuritgan.
Valeriy Sitenko:

– Davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo va xizmat aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish bugungi sharoitda real vazifa, deb o‘ylayman.
Men odatda shaxsiy tahlildan ko‘ra, ko‘proq xorijiy ekspertlar bahosiga tayanishni ma’qul ko‘raman. Yaqinda Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya tahlilchilari ishtirokida forum bo‘lib o‘tdi. Bu muloqot C+5 formati doirasida tashkil etildi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Germaniya va Italiya ishtirokida alohida format shakllanmoqda. Xivadagi uchrashuv nafaqat joriy holatni baholash, balki siyosatchilar va biznes uchun aniq takliflar ishlab chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Asosiy xulosa shuki, bugun Markaziy Osiyoga qiziqish dunyo miqyosida ortmoqda. Bu geosiyosiy o‘zgarish bilan bog‘liq. Tabiiyki, mintaqamiz ulkan siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega.
Forumda mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish maqsadining besh ustuvor yo‘nalishi belgilandi: mintaqaviy institutlar ochish, yagona iqtisodiy makon yaratish, transport yo‘laklarini takomillashtirish, tashqi siyosatni muvofiqlashtirish va umumiy mintaqaviy identifikatsiyani shakllantirish.
Ko‘ryapmizki, mintaqaviy integratsiya yuqori sur’atda rivojlanmoqda va ayni jarayon mislsiz istiqbolga ham ega. Shuningdek, Xivada Germaniya – Markaziy Osiyo ekspertlar muloqoti yangi mexanizmi yaratildi. Bunday uchrashuvlar muntazam o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Keyingisi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi.
Eng muhimi, jarayonning asosiy drayverlari – O‘zbekiston va Qozog‘iston. Zero, bu ikki davlat samarali hamkorligi butun Markaziy Osiyo integratsiyasi muvaffaqiyatini belgilaydi.
Muxtor Nazirov:

– O‘zbekiston va Qozog‘iston 10 milliard dollarlik marra uchun yetarli iqtisodiy asosga ega. Masalan, so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash qiymati 4 milliard dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkich savdo munosabati barqaror o‘sish bosqichiga chiqqani, o‘zaro ishonch va iqtisodiy bog‘liqlik kuchayganini anglatadi.
Buxoro muloqotining asosiy xususiyati “amaliy kun tartibi”ga egaligidir. Avtomobilsozlik, logistika, energetika va qurilish materiallari sohasidagi kooperatsiya loyihalari o‘zaro munosabatni sanoat integratsiyasi bosqichiga olib chiqmoqda.
Hozir ikki mamlakatda faoliyat yuritayotgan 1000 dan ziyod umumiy qo‘shma korxona sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari va xizmat sohalarini qamrab olgan. Kimyo, geologiya va avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi yangi rejalar esa jarayon tobora chuqurlashayotganini ko‘rsatadi.
Endi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish muhim. Qolaversa, transport yo‘laklarini samarali ishlatish, bojxona tartib-taomilini soddalashtirish va raqamlashtirish ham strategik ahamiyatga ega.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo davlatlari uchun tashqi bozorga chiqish imkoniyati nisbatan cheklangan. Shu nuqtai nazardan chegara oldi infratuzilmasini takomillashtirish va samarali transport yo‘laklarini shakllantirish nafaqat ikki o‘lka, balki butun mintaqa geoiqtisodiy pozitsiyasini mustahkamlaydi.
Gap faqat yuk tashish emas, balki Markaziy Osiyoni global ta’minot zanjiriga ulashda. Agar shu yo‘nalishlarda izchil ish olib borilsa, 10 milliard dollarlik ko‘rsatkichga yetish mutlaq real vazifa.
Dilshod Hakimov tayyorladi.
O‘zA