O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya Qatarga tashrif buyurib, Butunjahon investitsiya forumi hamda O‘zbekiston – Qatar hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tashrif doirasida Qatar hukumati va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazildi.
Tomonlar sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi va mineral resurslarni o‘zlashtirish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildi. Yangi Toshkent hududini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilmaviy loyihalarni ishga tushirishga Qatar sarmoyasini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, istiqbolli tashabbuslarni moliyalashtirish mexanizmlari, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar yakunida manfaatli investitsiya takliflarini ishlab chiqish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirish bo‘yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.
Mazkur tashrif ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Aziza Alimova, O‘zA