O‘zbekiston va Pokiston raqamli sohada yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Pokiston davlat vaziri Bilol bin Soqib bilan uchrashuvda sun’iy intellekt, IT xizmatlari eksporti, startaplar, investitsiyalar va raqamli infratuzilmani rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Muloqotda Pokistonning inson kapitali, IT mutaxassislari, frilanserlari va texnologik kompaniyalari salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, sun’iy intellekt va data-markazlar, “yashil” energetika asosidagi raqamli infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar frilanserlarni nafaqat xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar, balki o‘z raqamli mahsulot va kompaniyalarini yaratadigan startapchilarga aylantirish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda ikki davlat startap ekotizimlarini yaqinlashtirish, venchur fondlar va texnologik tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va ta’lim uchun xalqaro bozorga chiqarish mumkin bo‘lgan qo‘shma texnologik yechimlar yaratish istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Uchrashuvda Pokiston IT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish, mamlakatimizni ular uchun Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga chiqish nuqtasi sifatida shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, kompaniyalarni hududlarga jalb etishga qaratilgan “Zero Risk” dasturi imkoniyatlari taqdim etildi.
Tashrif doirasida Pokiston delegatsiyasi IT Park va UZINFOCOM faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga O‘zbekistonda IT industriyasi, raqamli davlat xizmatlari, zamonaviy axborot tizimlari va raqamli platformalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA