O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Joriy yil 30–31-mart kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida mamlakatimiz ishbilarmon doiralari ishtirokida “Made in Uzbekistan” biznes-missiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ikki davlat savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi.
Respublikamiz Savdo-sanoat palatasi hamda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan tashkil etilgan anjuman doirasida tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Ulan-Batordagi “Made in Uzbekistan” savdo uyida bo‘lib o‘tgan tadbirda yetakchi ishlab chiqaruvchilarimiz, eksportchilarimiz oziq-ovqat mahsulotlari, farmatsevtika vositalari, qurilish materiallari, elektrotexnika jihozlari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, shuningdek logistika va turizm sohalaridagi imkoniyatlarini namoyish etdilar.
Biznes-missiya davomida xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilib, mahsulot eksport qilish va qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha muzokara olib borildi. Ushbu tashrif tovar ayirboshlash hajmini oshirish, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bozorlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilyapti. Mo‘g‘uliston OAV tadbirni O‘zbekiston eksport salohiyatini namoyish etuvchi muhim va samarali qadam sifatida baholamoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA